O‘zbekiston qonunchiligida 2026-yil 1-fevraldan bir qator o‘zgarish va yangiliklar kuchga kiradi. Quyida ushbu sanadan kuchga kiradigan asosiy o‘zgarishlarni taqdim etildi.
Hajga borish uchun yagona portal orqali ro‘yxatdan o‘tish majburiy bo‘ladi
Muqaddas ziyoratga borish istagida bo‘lgan fuqarolar uchun “Haj va umra yagona portali” orqali ro‘yxatdan o‘tish majburiy etib belgilandi.
Fuqarolarga xorijda sifatli xizmat ko‘rsatilishini ta’minlash maqsadida:
2026-yil 1-fevraldan boshlab — haj tadbiriga;
2026-yil 1-maydan boshlab — umra tadbiriga olib borish portalda majburiy ro‘yxatga olish orqali amalga oshiriladi.
Ziyoratchilar haqidagi ma’lumotlar portalga kiritilmasdan turib safarlarni tashkil etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ishlab chiqarilganiga 50 yildan oshgan transportlardan foydalanish taqiqlanadi
Hukumatning yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash sohasini raqamlashtirishga qaratilgan qaroriga ko‘ra, ishlab chiqarilganiga 50 yildan oshgan transportlardan foydalanish, ularni qayta roʻyxatga olish taqiqlanadi. Ular davlat roʻyxatidan chiqariladi.
Umumiy vazni (yuki bilan) 44 tonnadan ortiq yuk avtomobillari, konlar, shaxta va karyerlarda qoʻllaniladigan maxsus transportlar, yuridik shaxslarga tegishli yoʻnalishsiz taksilar, shuningdek, antikvar avtomototransportlar uchun alohida seriyali roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilari joriy etiladi.
Avtomototransport roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomada mulkdorning manzilini koʻrsatish talabi ham bekor qilinadi.
Avtomaktablarda nazariy darslarda qatnashish ixtiyoriy bo‘ladi
Vazirlar Mahkamasining “Transport vositalarini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, “A” va “B” toifadagi transport vositalarini boshqarish huquqini olish uchun talabgorlar haydovchilarni tayyorlash bo‘yicha majburiy o‘quv dasturining nazariy qismini mustaqil o‘zlashtirishi mumkin. Ushbu toifadagi transport vositalari haydovchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash o‘quv guruhlarini Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatida ro‘yxatga olish tartibi bekor qilinadi.
Toshkentda pulli avtoturargohlar bo‘yicha yangi tartib kuchga kiradi
Yangi tartibga ko‘ra, pulli avtoturargoh zonalari joylashgan yoki ularga tutash mahallalarda yashovchi fuqarolar rezident maqomini oladi. Ular uchun maxsus rezident avtoturargoh ruxsatnomasi joriy etiladi. Ruxsatnoma bir yil muddatga amal qiladi. Ruxsatnomani olganlar o‘z hududida soat 20:00 dan 08:00 gacha avtoturargohlardan bepul foydalanadi. Soat 08:00 dan 20:00 gacha bo‘lgan vaqtda esa yillik rezidentlik to‘lovi asosida to‘lov amalga oshiriladi.
Yillik rezidentlik to‘lovi miqdori tarif zonalariga qarab belgilanadi. Xususan, 1-tarif zonasi uchun bir yilga 1 bazaviy hisoblash miqdori etib belgilangan. Qolgan tarif zonalari bo‘yicha to‘lov miqdorlari alohida tartibda tasdiqlanadi.
ID kartalar elektron raqamli imzo bilan beriladi
O‘zbekiston fuqarolari birinchi marta ID karta olayotganida elektron raqamli imzo sertifikati karta chipiga bepul kiritiladi. Bundan tashqari, fuqarolar “Elektron hukumat” tizimi foydalanuvchilarini identifikatsiyalash yagona axborot tizimida avtomatik tarzda bepul ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
Yagona Ijtimoiy reyestr yuritiladi
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” va Kambag‘al oilalar reyestri negizida yagona Ijtimoiy reyestr yuritiladi. Ijtimoiy reyestr — “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimida yuritilib, davlat ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari taqdim etiladigan oilalar (shaxslar)ni aniqlash va ularning ijtimoiy-iqtisodiy holatini baholash vazifalarini bajaradi. Ijtimoiy reyestrda oilalar ijtimoiy-iqtisodiy holatidan kelib chiqib, “davlat ta’minotidagi oila”, “kambag‘al oila” va “kambag‘allik chegarasidagi oila” toifalariga ajratiladi.
Professional tutingan oila xizmati joriy etiladi
Zo‘ravonlik natijasida oilasidan ajratilgan, shuningdek, zo‘ravonlik xavfi ostida bo‘lgan va ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda bo‘lgan bolalar uchun professional tutingan oila xizmati joriy etiladi. Professional tutingan oilalar maxsus ijtimoiy-reabilitatsiya dasturlari asosida tayyorlanadi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari bilan tuzilgan shartnoma asosida ushbu oilalarga joylashtiriladi. Har bir bola uchun tutingan oilaga har oyda eng kam ish haqining ikki baravari miqdorida to‘lov amalga oshiriladi hamda bolaning yashash xarajatlari davlat hisobidan qoplanadi.
Yoshlarga ijtimoiy yordam yangi shartlar asosida beriladi
Belgilangan ijtimoiy yordam turlari Kambagʻal oilalar reyestriga kiritilgan oila yoshlariga ijtimoiy shartnoma orqali uzluksiz taʼlim olish, unda ijobiy koʻrsatkichlarga erishish, volontyorlik bilan shugʻullanish va “Besh tashabbus olimpiadasi” loyihalarida qatnashish kabi shartlar bilan beriladi.
Ijtimoiy shartnoma shartlari bajarilmagan taqdirda, bosqichma-bosqich quyidagi choralar qoʻllanadi:
shartlarni 15 kun ichida bajarish toʻgʻrisida ogohlantirish;
yordam miqdorini 15 foizdan 30 foizgacha kamaytirish;
ijtimoiy yordam koʻrsatishni 1 oydan 6 oygacha vaqtinchalik toʻxtatish;
shunday yordamni 1 yil va undan ortiq muddatga toʻxtatish.
Kambag‘al oilalardagi yoshlar harbiy xizmatni bepul o‘taydi
Prezident farmoniga ko‘ra, Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalardagi yoshlarga safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmatni bepul o‘tash tartibi joriy etiladi hamda ushbu maqsad uchun subsidiya ajratish tartibi bekor qilinadi. Bunda harbiy xizmat bilan bogʻliq xarajatlar Mudofaa vazirligining “Safarbarlik chaqiruvi rezervi mablagʻlari” maxsus hisobvaragʻidan amalga oshiriladi hamda harbiy xizmatni oʻtab kelgan yoshlar bandligini taʼminlash choralari koʻriladi.
Ayrim yoshlarning kontrakt summasi bir qismi qoplab beriladi
Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalardagi yoshlarga “Yoshlar daftari” jamg‘armalari orqali kasbiy va oliy ta’lim tashkilotlari o‘quvchi-talabalarining kontrakt summasi 50 foizgacha qismi tuzilgan ijtimoiy shartnoma shartlarini bajarish darajasidan kelib chiqib to‘lanadi. Bunda 1 o‘quv yili uchun BHMning 50 baravaridan oshmasligi lozim.
“Tashabbusli byudjet”da aholi va davlat sherikchiligi yo‘lga qo‘yiladi
Tashabbusli byudjet jarayonlari doirasida ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni aholi va davlat o‘rtasida sheriklik asosida moliyalashtirish amaliyoti joriy etiladi. Bunda tashabbuskor aholi tomonidan loyihalar qiymatining 50 foiz qismi ixtiyoriy ravishda moliyalashtirilgan taqdirda loyihalar g‘olib deb topiladi va qolgan 50 foizi respublika byudjetidan moliyalashtiriladi.
“Kitob – ma’rifat manbai” dasturi boshlanadi
Davlat organlarining kitob va kitobxonlik madaniyati to‘g‘risidagi reklamasi ijtimoiy axborot (reklama) sifatida e’tirof etiladi. Transport infratuzilmasi obyektlari va transport vositalarida (avtobus, metropoliten, samolyot, poyezd) simsiz yoki mobil internet orqali “Mutolaa” platformasidan foydalanish imkoniyati yaratiladi, qulaylik uchun QR kodlar o‘rnatiladi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!