O‘zbekiston fuqarolari Turkiyadagi tibbiyot muassasalarida bepul davolanishlari mumkin bo‘ladi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi departament boshlig‘i Amir Sultonov O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashining to‘rtinchi yig‘ilishidan so‘ng ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, sog‘liqni saqlash sohasida hukumatlararo kelishuv imzolanib, O‘zbekiston fuqarolari har yili belgilangan kvota doirasida Turkiya tibbiyot muassasalarida bepul yuqori malakali tibbiy yordam olishlari mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, yig‘ilish yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an qo‘shma bayonot imzoladi. Ushbu hujjatda ikki davlat o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklikni yanada rivojlantirishga qaratilgan ustuvor yo‘nalishlar belgilab berilgan.

Bundan tashqari, har tomonlama strategik sheriklik mexanizmlari to‘g‘risida qaror imzolandi. Ushbu hujjat turli yo‘nalishlar bo‘yicha doimiy qo‘shma qo‘mitalar tuzishni hamda amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan tizimli loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutadi.

 

Sultonovning ta’kidlashicha, muzokaralarning asosiy mavzularidan biri iqtisodiy hamkorlik bo‘ldi. Tomonlar transport sohasiga alohida e’tibor qaratdi. Xususan, O‘zbekistonni Kavkaz va Yevropa bilan bog‘laydigan yangi xalqaro transport koridorlarini rivojlantirish rejalashtirilmoqda.

“O‘zbekiston — Turkmaniston — Eron — Turkiya yo‘nalishi bo‘yicha konteyner poyezdlarini ishga tushirish ko‘zda tutilmoqda. Bu eksport-import jarayonlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri tezlashtirish imkonini beradi va tadbirkorlar uchun yangi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini yaratadi”, — dedi TIV vakili “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida.

Bundan tashqari, O‘zbekiston va Turkiya maxsus iqtisodiy zonalar sohasida hamkorlik qilishga kelishib oldi. “Bu, shubhasiz, O‘zbekistonga Turkiyadan ko‘proq investitsiyalar va zamonaviy texnologiyalarni jalb qilishga xizmat qiladi”, — deya qayd etdi u.