Yangiliklar

Toshkentda yuk tashish uchun moʻljallangan, ruxsat etilgan toʻla vazni 10 tonnadan yuqori boʻlgan avtotransport vositalarining harakati tigʻiz vaqt oraliqlarida taqiqlanadi

Toshkentda yuk tashish uchun moʻljallangan, ruxsat etilgan toʻla vazni 10 tonnadan yuqori boʻlgan avtotransport vositalarining harakati tigʻiz vaqt oraliqlarida taqiqlanadi
Ilyustrativ foto

Prezidentning “ “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi.

Farmon bilan 2024-yil 1-martdan boshlab hududlarda chang boʻroni sodir boʻlayotganda va atmosfera havosida mayda dispers zarrachalari belgilangan normadan yuqori boʻlgani aniqlanganda aholini ogohlantirish, yurak-qon tomir va nafas yoʻllari kasalliklariga chalingan hamda sogʻligʻi havoning ifloslanishiga taʼsirchanligi yuqori boʻlgan boshqa fuqarolarni zarur profilaktik choralar toʻgʻrisida doimiy xabardor qilish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi.

Ulchami 500 metr kvadrat va undan ortiq boʻlgan qurilish maydonlarida, unga kirib-chiqish yoʻllarida chang va qum zarrachalarining havoga koʻtarilishini bartaraf etish boʻyicha majburiy talablar joriy etiladi.

Toshkent shahrida yuk tashish uchun moʻljallangan, ruxsat etilgan toʻla vazni 10 tonnadan yuqori boʻlgan N2, N3, O4 toifaga kiruvchi avtotransport vositalarining harakati tigʻiz vaqt oraliqlarida taqiqlanadi. Bunda, ushbu cheklovlar maxsus xizmat, shu jumladan, kommunal xoʻjaligi, obodonlashtirish va Qurolli Kuchlarning yuk transporti vositalariga tatbiq etilmaydi.

2030-yilga qadar Toshkent va Nukus shaharlari, viloyatlar markazlarida “YEVRO – 5” va undan yuqori standartlariga muvofiq boʻlmagan avtomashinalar ekspluatatsiyasi bosqichma-bosqich cheklanadi.