Jahon

Tojikistonda ayollarga nisbatan oilaviy zo’ravonlik epidemiyasi avj olmoqda

Tojikistonda ayollarga nisbatan oilaviy zo’ravonlik epidemiyasi avj olmoqda


Oilaviy zo’ravonlik va gender tengsizligi masalasi Markaziy Osiyoda uchraydigan dolzarb muammo hisoblanadi. Ayniqsa, Tojikistonda bu holat kundan kunga ortib bormoqda.

The diplomat nashrining xabar berishicha, 2024-yilning mart oyida BMT Ayollar kengashi Tojikistonda kuzatilayotgan xotin-qizlarga nisbatan kamsitilishlar va oilaviy zo’ravonlik masalasi yuzasidan o’z xavotirlarini e’lon qilgan. Unga ko’ra, mamlakatda ta’lim olish va mehnat bozorida to’siqlarga duch kelayotgan ayol-qizlar soni ortib borayotganligi va muammoga tezroq barham berish kerakligini qayd etgan.

Tojikistonda 2013-yil 28-martda “Oilaviy zo’ravonlikning oldini olish to’g’risida”gi qonun qabul qilingan bo’lsada, hanuzgacha ayollarga nisbatan turli zo’ravonliklarni oldini olish bo’yicha kerakli choralar ko’rilmagan. BMT e’lon qilgan statistikaga ko’ra, mamlakatda ayollarning 80 foizi oilaviy zo’ravonlikka duch kelgan.

Tojikiston xotin-qizlar qo’mitasining ma’lumot berishicha, 2023-yilning birinchi yarmida faqatgina oilaviy zo’ravonlik bo’yicha 1075 ta murojaat kelib tushgan. Bundan tashqari, ayollar orasida jismoniy va psixologik zo’ravonlik, izolyatsiya, iqtisodiy mahrumlik va jinsiy tajovuz holatlari ham kuzatilmoqda.

Shuningdek, voyaga yetmagan qizlarning nikohlari soni ham 2022-yilgi ko’rsatkichlarga nisbatan 60% foiz oshgan. Ayniqsa, so’nggi yillarda bu holatni sud ruxsati bilan rasmiylashtirish avj olgan.