Jahon

AQSh Ukrainaga harbiy yordam sifatida 300 million dollar ajratdi

AQSh Ukrainaga harbiy yordam sifatida 300 million dollar ajratdi

AQSh maʼmuriyati Pentagon byudjetida Ukrainaga ajratilgan mablagʻ yoʻqligiga qaramay, Kiyevga 300 million dollar miqdorida “favqulodda harbiy yordam” paketini yuborishini maʼlum qildi.

Bu haqda AQSh milliy xavfsizlik bo’yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan Oq uyda bo’lib o’tgan matbuot anjumanida Ukrainaga yangi yordam tafsilotlarini e’lon qildi.

Unga ko’ra, Pentagonning Ukraina uchun byudjeti tugagan va bu davlatni qoʻllab-quvvatlash uchun soʻralgan qoʻshimcha 60 milliard dollarlik yordam hali Kongress tomonidan qabul qilinmagan boʻlsa-da, Kiyevga shoshilinch yordam koʻrsatish zarur.

“Ukrainada foydalanish uchun yetarlicha o‘q-dorilar yo‘q. Bu yerdagi hudud va hayotning yo’qolishiga olib keladi. Shuningdek, bu AQSh va NATO ittifoqiga strategik xarajatlarni yuklaydi” deydi Sallivan.

Amerikalik siyosatchining qayd etishicha, Ukrainaga yuboriladigan 300 million dollarlik shoshilinch harbiy yordam Ukraina armiyasiga qisqa muddatgagina yordam beradi, ammo uzoq davom etmaydi, shuning uchun ham Kongressda hozirda koʻrib chiqilayotgan qoʻshimcha byudjet loyihasi tezroq qabul qilinishi kerak.

Bu yordam paketi Ukrainani qoʻllab-quvvatlash uchun ajratilgan byudjet mablagʻlari tugab qolgan dekabrdan beri AQShning Kiyevga yuborgan birinchi harbiy yordami boʻladi.