Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan yuzma-yuz muzokara o‘tkazdi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, uchrashuv davomida O‘zbekiston Respublikasining BMT va ixtisoslashgan idoralari bilan hamkorligi va istiqbollari ko‘rib chiqilgan. Xususan, barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish, gender tenglikni ta’minlash, shuningdek, ekologik muammolarga e’tibor qaratilgan.
Unda O‘zbekistonning BMT bilan o‘zaro aloqalari tobora mustahkamlanayotgani, iqtisodiyot, ilm-fan, sog‘liqni saqlash, ekologiya, madaniyat va ta’lim yo‘nalishlaridagi hamkorlikning samarali natijalari alohida qayd etilgan.
«O‘zbekiston BMT doirasida jahon hamjamiyati tomonidan qo‘llab-quvvatlangan, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash, inson huquqlarini himoya qilishga amaliy hissa qo‘shayotgan tashabbuslarni ilgari surib kelayotgani qayd etildi. Jumladan, O‘zbekiston tashabbusi bilan so‘nggi yillarda mintaqaviy hamkorlik, ekologiya, inson huquqlarini himoya qilish, barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlararo muloqotni rivojlantirishga qaratilgan BMT Bosh Assambleyasining 7 ta maxsus rezolyutsiyasi qabul qilingan», deyiladi manbada.
Shuningdek, Guterrish Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi munosabatlarda O‘zbekistonning roliga e’tibor qaratib, mamlakatlar barcha sohalarda jadal hamkorlik qilayotganiga alohida to‘xtalib o‘tgan.
Uchrashuv mobaynida O‘zbekiston tashabbuslarini xalqaro maydonda ilgari surish, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar hamda mintaqaviy hamkorlikni kengaytirishga doir aniq takliflarni qo‘llab-quvvatlashda BMT bilan konstruktiv hamkorlik yuzasidan fikr almashilgan. Suhbat yakunida O‘zbekiston va BMT o‘rtasida barcha sohalarda o‘zaro manfaatli munosabatlarni yanada kengaytirishga kelishib olingan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!