Jamiyat

Tug’ish ta’tilidan qaytgan hamshirani to’liq stavkali ishga tiklamagan tez tibbiy yordam jazoga tortildi

Tug’ish ta’tilidan qaytgan hamshirani to’liq stavkali ishga tiklamagan tez tibbiy yordam jazoga tortildi

2018-yilda tez tibbiy yordam Rishton tuman bo’limida hamshira sifatida ish boshlagan ayol 2022-yilda homiladorlik va tug’ish ta’tiliga chiqqan.

2023-yil avgust oyida ishga qaytish uchun ariza bilan murojaat qilganida, unga ish o’rni yo’qolib ketgani sababli almashinuvchi grafik asosida yarim stavkaga navbatchi hamshira lavozimiga ishga olingan.

Shundan so’ng, ta’tildan oldin to’liq stavkada ishlagan hamshira holatdan norozi bo’lib Fuqarolik ishlari bo’yicha sudga murojaat qilgan va tez tibbiy yordam markazi Farg’ona hududiy filialiga nisbatan to’liq stavkada ish berish majburiyatini yuklash, majburiy progul uchun ish haqi hamda ma’naviy zarar undirib berishni so’ragan.

Sudda javobgar tomon vakili L. R. da’vo talablarini tan olmasdan, hamshira bilan tuzilgan mehnat shartnomasida ish stavkasi aniq ko’rsatilmaganligi uchun unga yarim stavka ish berilganini va hozirda to’liq stavkali ish o’rni yo’qligini bildirgan.

Sud barcha materiallarni o’rganib chiqib, da’vo talablarini qisman qanoatlantirishga, ya’ni javobgar zimmasiga hamshiraga to’liq stavka ish berish, yarim stavka ishlagan kunlarini chegirib tashlagan holda sentabr oyidan boshlab ish haqini qayta hisoblab chiqish majburiyatlarini yuklagan.

Bundan tashqari, javobgardan da’vogarga ma’naviy zarar uchun bir million so’m va davlat boji uchun 1.020.000 so’m  undirish ham belgilangan.

Iqbol ERGASHEVA – jurnalist