Jamiyat

Alisher Qodirov maktabni tugatgan o’g’il bolalarni bir yillik harbiy xizmatga jo‘natishni taklif qildi

Alisher Qodirov maktabni tugatgan o’g’il bolalarni bir yillik harbiy xizmatga jo‘natishni taklif qildi

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov maktabni tugatgan o’g’il bolalarni bir yillik majburiy harbiy xizmatga jalb qilishni taklif qildi. Bu haqda u o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida post qoldirdi.

“Maktabni tugatgan, o‘qishga kirganlardan tashqari barcha o‘g‘il bolalarni to‘lovlarsiz, bir yillik majburiy harbiy xizmatga jalb qilish lozim. Tartib va mas’uliyatni maktab va harbiy xizmatda o‘rgatmasak, qamoqxonada hech qachon o‘rgatib bo‘lmaydi”, deydi deputat.

Qodirovning aytishicha, G‘arb yo‘qotilgan avlod oila va ta’limda qadriyatlarni rad etish natijasi ekanini tan olmoqda. Shuningdek, tarbiya masalasida keskin qarorlardan qochmaslik kerakligini ta’kidlagan.

“O‘zbekistonni erkinlikni hadsizlik deb biladigan, atlas kostyum xunasalar emas, o‘z qadrini biladigan, tafakkur qiladigan o‘g‘il-qizlar rivojlantiradi. Nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyoda bog‘cha va maktab milliy xavfsizlik masalasiga aylangan. Uni nafaqat Milliy gvardiya, balki, butun jamiyat qo‘riqlashi kerak!” deyiladi Qodirov sahifasida.

Shuningdek, deputat maktablardagi yangi tizim haqida to’xtalib, 124 ming o‘quvchi sababsiz maktabga kelmagani aniqlangani va 3 ming nafar ota-ona Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasi bilan jarimaga tortilganini qo‘shimcha qildi.