Jahon

Moskvada terakt. Qurbonlar bor

Moskvada terakt. Qurbonlar bor

Kecha, 22-mart kuni Moskvaning Krasnogorsk shahridagi «Krokus Siti Xoll» binosida “Piknik” guruhining konserti bo‘lib o‘tayotgan vaqtida noma’lum shaxslar otishma uyushtirdi. Qurbonlar soni ortib bormoqda. Bu haqda TASS xabar berdi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, binoda yong‘in chiqqan. Guvohlarning aytishicha, noma’lum shaxslar konsert boshlanishidan oldin zalda va zal tashqarisida avtomatlardan o‘q uzishni boshlagan. Keyinchalik majmuani quyuq tutun qoplagan.

Voqealarning birinchi soniyalari aks etgan videolavhada qurollangan ikki kishi ko‘rinadi. Biroq, ularning soni kamida besh nafar ekani aytilmoqda.

Voqea joyiga Moskva maxsus tezkor otryadi va maxsus maqsadli mobil otryad, shuningdek, o‘t o‘chiruvchilar jo‘natilgan. Binodan 100 ga yaqin odam evakuatsiya qilingan.

Hozirda teraktdan keyin shifoxonalarda 110 nafar kattalar va 5 nafar bola yotibdi, 60 nafar kattalarning ahvoli og‘ir. Bu haqda Moskva viloyati gubernatori Andrey Vorobev ma’lum qildi. Ijtimoiy tarmoqlarda ham jiddiy uzilishlar yuzaga kelmoqda.

Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi terakt yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atdi.