Jahon

Apple, Meta va Google’ ga nisbatan surishtiruv boshlandi

Apple, Meta va Google’ ga nisbatan surishtiruv boshlandi

Yevropa Ittifoqi Apple, Google va Meta kompaniyalariga nisbatan surishtiruv boshladi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Qayd etilishicha, kompaniyalar Raqamli bozorlar to‘g‘risidagi qonunni (DMA) buzganlikda gumon qilinmoqda. Qonun yirik texnologiya kompaniyalarini o‘z platformalarini raqobatchilarga ochishga majbur qiladi.

Amerikaning uchta konserni belgilangan talablarni bajarmagan, deyiladi Yevropa komissiyasi (YK) bergan bayonotda.

Regulyator, Apple va Google’ning o‘z ilovalari do‘konlarida foydalanadigan biznes amaliyotlarini tekshirishni rejalashtirgan. DMA’ga ko‘ra, internet-konsernlar uchinchi tomon dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchilariga Apple va Google do‘konlaridan tashqaridagi takliflar haqida mijozlarni bepul xabardor qilish imkoniyatini taqdim etishi shart.

Apple vakilining aytishicha, Apple ilovalar do‘koni uchun foydalanuvchi shartnomasining so‘nggi yangilanishi DMA talablariga javob beradi.

DMA bandlariga ko‘ra, raqobatchilarning o‘z platformalariga kirishiga qo‘yiladigan talablarga rioya qilmagan texnologiya kompaniyalari 12 oy davomida global aylanmasi o‘n foizigacha jarimaga tortilishi mumkin. Yevrokomissiya surishtiruvni bir yil ichida yakunlashni rejalashtirmoqda.