Jahon

Rossiya FXX rahbari terakt ortida qaysi davlatlar turganini aytdi

Rossiya FXX rahbari terakt ortida qaysi davlatlar turganini aytdi

Moskva yaqinidagi «Crocus City Hall»da sodir etilgan terakt ortida AQSH, Buyuk Britaniya va Ukraina bo‘lgan. Kecha, 26-mart kuni Rossiya Federal xavfsizlik xizmati rahbari Aleksandr Bortnikov mahalliy OAVga shu haqda ma’lum qildi.

«Men mavjud faktlarga tayanib gapiryapman. To‘g‘ri, bu umumiy ma’lumotday ko‘rinishi mumkin. Biroq, Rossiyada vahima qo‘zg‘ash G‘arb razvedka xizmatlari va Ukrainaga kerak edi”, degan FXX rahbari.

Uning aytishicha, Rossiyaning tegishli organlari shu bilan to‘xtab qolmaydi, ayblanuvchilar soni hali yana ko‘payadi.

“Mamlakatda ham, xorijda ham ushbu qirg‘inning barcha ishtirokchilarini aniqlash bo‘yicha ko‘p ishlar qilinmoqda. Bizning barcha tezkor bo‘linmalarimiz ayni paytda «do‘st» davlatlar razvedka xizmatlari bilan hamkorlikda ishlayapti”, degan Bortnikov.

FXX rahbarining qo‘shimcha qilishicha, «Krokus»dagi terakt G‘arb boshqaruvida tayyorlangan, radikal musulmonlar tomonidan amalga oshirilgan va bunga Ukraina maxsus xizmatlari ko‘maklashgan.

«Frontdagi yo‘qotishlardan so‘ng Ukraina va G‘arb o‘z qadr-qimmatini tiklashi uchun nima qilish kerak? Albatta, ular orqa tomonda turib, qo‘poruvchilik va terrorchilik harakatlarini amalga oshirishadi. Ukraina razvedka xizmatlarining rahbariyati hamda AQSH va Britaniya josuslik xizmatlarining ham tili bir. Ularning o‘zlari ham bu haqda ko‘p gapirishgan”, deydi u.