Jamiyat

Skuter va mopedlar uchun davlat raqamlarini joriy etish taklif qilinmoqda

Skuter va mopedlar uchun davlat raqamlarini joriy etish taklif qilinmoqda

O‘zbekistonda 1-iyuldan skuter va mopedlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish hamda davlat raqamlarini berishni joriy etish rejalashtirilmoqda. 2025-yildan esa ularni ro‘yxatdan o‘tkazmasdan boshqarishni taqiqlash taklif qilinyapti.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi moped va skuterlarni vaqtinchalik davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibini tasdiqlash to‘g‘risidagi hukumat qarori loyihasini muhokama uchun e’lon qildi.

Bugungi kunda elektr mototransportining texnik hujjatlarida dvigatel quvvati 4 kilovattdan va maksimal tezligi soatiga 50 kilometrdan oshmasligi ko‘rsatilganligi bois ularga davlat raqami berilmaydi, haydovchilik guvohnomasi talab qilinmaydi.

Qayd etilishicha, bunday omillar elektr mototransportdan o‘z bilganicha foydalanishga, yo‘llarda tartibsiz, qoidalarga umuman amal qilmasdan boshqarishga, harakat ishtirokchilari bilan bog‘liq noxush holatlar yuzaga kelishiga sharoit yaratmoqda.

“Oqibatda bunday transport vositalaridan yo‘l harakati qoidalari bo‘yicha boshlang‘ich bilimlarga ega emas shaxslar, asosan, voyaga yetmaganlar va yoshlar, shuningdek, ayollar, keksa kishilar foydalanayotgani hamda yoshlarning qiziqqonligi yo‘llarda turli salbiy holatlarni keltirib chiqarish ehtimolini oshirmoqda”, – deyiladi hujjatda.

Loyihaga ko’ra, yangi raqamlarni berish 2024-yil 1-iyuldan boshlanishi rejalashtirilmoqda. Mopedlar uchun XI1, skuterlar uchun esa XIE maxsus davlat raqami joriy qilinmoqda. Raqamlar narxi BHMning 1,5 baravari miqdorida (510 ming so‘m) bo‘ladi.

Shuningdek, yangi toifadagi transport vositalariga konstruktiv tezligi soatiga 25 dan 50 kilometrgacha bo‘lgan, dvigatelining ish hajmi 25 dan 50 santimetr kub gacha bo‘lgan, shuningdek, elektrodvigatelining quvvati 0,25 kilovattdan 4 kilovattgacha bo‘lgan moped va skuterlar kiradi.

Loyiha muhokamasi 4-aprelga qadar davom etadi.