O‘zbekiston

Malayziyaning MARA universiteti O’zbekiston bilan hamkorlik qilmoqda

Malayziyaning MARA universiteti O’zbekiston bilan hamkorlik qilmoqda

O’zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev Malayziyaning MARA Texnologiya universiteti rektori Shahrin Sahib bilan uchrashuv o’tkazdi. Bu haqda «Dunyo» AA xabar berdi.

 

Qayd etilishicha, Malayziya tomoniga «O’zbekiston – 2030» strategiyasining mazmun-mohiyati, hujjatning ustuvor yo’nalishlaridan biri bo’lmish ta’lim tizimi islohotlari haqida batafsil ma’lumot berildi.

Shuningdek, qo’shma ta’lim dasturlarini ishlab chiqish, o’qituvchi va talabalar almashinuvi, ilmiy tadqiqotlar va xalqaro jurnallarda maqolalar nashrini yo’lga qo’yish, ilmiy-amaliy seminar va konferensiyalar borasida hamkorlik istiqbollari muhokama etildi.

Muzokaralar natijasida muhandislik-texnologiya, sun’iy intellekt, neft muhandisligi, arxitektura-shaharsozlik, turizm menejmenti va boshqa o’zaro qiziqish kasb etuvchi yo’nalishlarda akademik va ilmiy-tadqiqot loyihalarini ishlab chiqish, o’qituvchi va talabalar almashinuvini yo’lga qo’yish bo’yicha kelishuvlarga erishildi.

Ma’lumot uchun, 1956-yilda tashkil etilgan MARA Texnologiya universiteti mamlakatdagi eng yirik davlat oliy ta’lim muassasalaridan biri sanaladi. U «QS World Rankings» reytingida 555-o’rinda qayd etilgan. Universitetning mamlakat bo’ylab 34 ta filiali mavjud. Oliygoh talabalari soni esa 187 mingdan ziyodni tashkil qiladi. Hozirgi kunda 500 dan ziyod ta’lim dasturlari amalga oshirilmoqda.

MARA Texnologiya universiteti O’zbekiston Fanlar akademiyasi, Buxoro davlat universiteti, Toshkent davlat transport universiteti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Namangan muhandislik-texnologiya instituti bilan hamkorlik memorandumlari imzolangan.