Prezident poytaxtdagi 12 ta tuman bir-biri bilan tutashib ketgani, ularni iqtisodiy chegarasi yo‘qligi bois tadbirkorlarga sharoit yaratish va aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha boshqacha yondashuv kerakligini taʼkidladi.
Shu bois, banklar filiallari faqat mijozni hisob raqamiga xizmat ko‘rsatuvchi emas, balki o‘zining yirik mijozlari va tumandagi mahallalarni bog‘laydigan ko‘prik bo‘lishi muhimligi qayd etildi.
Misol uchun, faoliyatini kengaytirish hamda aylanma mablag‘ uchun kredit olish va ish o‘rni yaratishga tayyor mijozlar ko‘p. Banklar zamonaviy fikrlab, shunday mijozlar bilan ishlashi, ularni yiriklashtirishga ko‘maklashishi maqsadga muvofiq ekani taʼkidlandi.
Bank filiallari tadbirkor mijozlarga kredit berayotganda fuqarolarni ishga olish sharti bilan kredit foizini kamaytiradigan tizimni joriy qilish taklif qilindi.
Yangi tizimga ko‘ra, endilikda banklar tadbirkorlar ish o‘rni yaratganidan keyin ularga berilgan kredit foizini tushirib boradi.
Hokim yordamchilari esa ishsizlarni tadbirkorni talabi asosida o‘qitadi.
Yunusobod poytaxtni eng qulay qismida joylashgani uchun kredit olmasdan, o‘z sarmoyasini kiritib, ish o‘rni yaratishga intilayotgan tashabbuskorlar juda ko‘p. Lekin, ularni eng qiynaydigan masala – tumanda bo‘sh joy topish.
Masalan, Amir Temur shoh ko‘chasi so‘nggi yetti yilda tadbirkorlar uchun eng jozibador ko‘chaga, hududni o‘sish nuqtasiga aylandi. Lekin ko‘chani 6 kilometr qismida eskirgan qiyofadagi 3-4 qavatli 8 ta davlat idoralari joylashgan.
Bu binolarni yerosti avtoturargohi bor ko‘p qavatli savdo, xizmat va ovqatlanish obyektlari, ofis va mehmonxona shaklida qayta qurish sharti bilan loyihalar amalga oshirilsa, tadbirkorlar va ish o‘rinlari sonini ko‘paytirish mumkinligi qayd etildi.
Shunday loyihalarni bank filiallari o‘rnida hamda davlat tashkilotlari egallab turgan 24,5 gektar negizida ham amalga oshirish mumkin.
Prezident yer o‘ta cheklangan sharoitda bor infratuzilmani vertikal o‘stirish orqali sanoat va savdoni rivojlantirish zarurligiga alohida eʼtibor qaratdi.
Masalan, yirik bozorlarni qavat-qavat usulda kengaytirish, Yunusobod kichik sanoat zonasidagi binolarni 3-4 qavat qilib qayta qurish hisobiga qo‘shimcha maydonlarni hosil qilish imkoniyatlari ko‘rsatib o‘tildi.
Vazirlar Mahkamasiga unumli foydalanilmayotgan davlat obyektlarini xatlovdan o‘tkazib, ularni o‘rnida sanoat va xizmatlarda yuqori daromadli ish o‘rni yaratadigan loyihalarni joylashtirish dasturini tasdiqlash topshirildi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!