O’zbekiston elchixonasida Buyuk Britaniyada xorijdan yuqori malakali shifokorlar va hamshiralarni ish bilan ta’minlashga ixtisoslashgan «Triple West Medical» rekruting kompaniyasi direktori Gurol Maxmut bilan uchrashuv o’tkazildi. Bu haqda «Dunyo» AA xabar berdi.
Suhbat davomida Britaniya tomoniga O’zbekiston Hukumati tomonidan mehnat migratsiyasi sohasida olib borilayotgan ishlar, xorijda ishlayotgan vatandoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan davlat dasturlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Mehnat muhojirlariga kasb va til o’rgatish maqsadida tashkil etilgan o’quv hamda «Ishga marhamat» monomarkazlar faoliyati ta’kidlandi.
Ta’kidlanganidek, sohadagi islohotlar o’zbekistonlik mehnat migrantlarini xorijda talabgor bo’lishiga hamda tayyor mutaxassis sifatida yuqori oylik maosh olishiga sabab bo’lmoqda.
«O’zbekistondan oliy toifadagi shifokorlarni ishga jalb qilish uchun o’zaro hamkorlikni yo’lga qo’yish va ular uchun kasbiy til ko’nikmalarini egallashlari uchun o’quvlarni tashkil etishga tayyormiz. Tanlovdan o’tgan shifokorlar Britaniyadagi nufuzli shifoxonalarda ish bilan ta’minlanadilar», dedi u.
Muzokaralar yakunida «Triple West Medical» rekruting kompaniyasi vakillaridan iborat delegatsiyaning mamlakatimizga amaliy safarini uyushtirish va tegishli davlat idoralari vakillari bilan muzokaralar tashkil etishga kelishib olindi.
Ma’lumot uchun, 2008-yilda tashkil etilgan «Triple West Medical» kompaniyasi Britaniya va Irlandiyadagi davlat shifoxonalari bilan malakali xorijiy shifokorlarni ishga joylashtirish bo’yicha hamkorlik qiladi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!