“Revizor”ning yozishicha, maxsus axborot portalga 2023-yil 6-aprel kuni joylashtirilgan davlat xaridiga ko‘ra, Adliya vazirligi huzuridagi “Konvension markaz” davlat muassasi tomonidan jami 207 mln 260 ming so‘mga chet elda ishlab chiqarilgan spirtli ichimliklar (vino, aroq, viski, liker, martini, rom, brendi va hokazolar) xarid qilingan.
Jumladan, 15 mln 410 ming so‘mga 46 dona “Jack Daniel’s Old №7” (AQSH; viski; 0,7 l.; narxi – 335 ming so‘m), 24 mln so‘mga 60 dona “Vodka Onegin” (Rossiya; aroq; 0,7 l.; narxi- 400 ming so‘m), 8 mln 400 ming so‘mga 24 dona “Kingston 62 white” (Yamayka; rom; 1,0 l.; narxi – 350 ming so‘m), 7 mln so‘mga 24 dona “Riserva Speciale Rubino” (Italiya; martini; 0,7 l.; narxi – 292 ming so‘m), 8 mln 880 ming so‘mga 24 dona “Campari” (Italiya; liker; 0,7 l.; narxi – 370 ming so‘m) va shu kabi bir qancha “importniy” alkogolli mahsulotlar xarid qilinganini ko‘rishimiz mumkin, — deyiladi xabarda.
Adliya vazirligiga tegishli “Konvension markaz” DM — Bo‘stonliq tumani “Xumson” MFYda joylashgan “Olmos” dam olish maskani hisoblanadi. Unda Adliya vazirligi tizimidagi xodimlar va ularning oila a’zolari dam olishi tashkil qilingan.
Holat yuzasidan Adliya vazirligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, “Konvension markaz” davlat muassasasi o‘z ustaviga muvofiq yuklatilgan vazifalardan tashqari, aholi va xorijiy sayyohlarga sifatli umumiy ovqatlanish, bar va restoran xizmatlarini ham ko‘rsatadi.
“Ijtimoiy tarmoqlarda yoritilgan spirtli ichimliklarni sotib olish yuzasidan shartnoma tuzilganligi masalasi bo‘yicha Saphir Distribution Co MCHJ bilan respublika tovar xom ashyo birjasining elektron portali (xarid.uzex.uz) orqali tuzilgan 2023-yil 27-fevraldagi 57-son shartnoma 2023-yil 6-aprelda bekor qilingan hamda spirtli ichimliklar xaridi amalga oshirilmagan”, — deya izoh bergan vazirlik.
Ma’lumot uchun, “Konvension markaz” davlat muassasasi adliya organlari va muassasalari ish faoliyati samaradorligini yanada oshirish hamda xodimlarni sog‘lomlashtirish maqsadida tashkil qilingan.
“Konvension markaz” davlat muassasasida 2021–2024-yillar davomida 96 ta xalqaro va mahalliy konferensiya, seminar va treninglar tashkil etilgan bo‘lib, ularda 440 nafardan ziyod xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlardan mutaxassislar ishtirok etgan.