Jamiyat

Qiynoqlarni oldini olish borasida o’tkazilgan monitoring bo’yicha axborot berildi

Qiynoqlarni oldini olish borasida o’tkazilgan monitoring bo’yicha axborot berildi
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining «Jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalarining insonning huquq va erkinliklarini ta’minlashga doir faoliyati to‘g‘risida»gi axboroti eshitildi. Kecha, 26-aprel kuni Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Qayd etilishicha, inson qadrini ulug‘lash, mahkumlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ularning huquqlarini ta’minlash holatlari muntazam ravishda Ombudsman boshchiligida jamoatchilik guruhlari bilan o‘rganilmoqda.

Majlisda Ombudsman tomonidan Qiynoqlarni oldini olish bo‘yicha 2024-yil 1-chorakda amalga oshirilgan monitoring tashriflarida aniqlangan holatlar ko‘rib chiqildi.

Aytilishicha, 2024-yilning 1-choragida Ombudsman va uning huzuridagi Jamoatchilik guruhlari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga 189 marotaba monitoring tashriflari amalga oshirilgan. Monitoring tashriflarida 2 mingga yaqin mahkumlar (mahbuslar) bilan jamoaviy hamda ming nafarga yaqin mahkumlar (mahbuslar) bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazilgan.

Monitoring davomida saqlanayotgan shaxslarning saqlash sharoitlari, ya’ni yashash va ovqatlanish, mehnat qilish hamda tibbiy yordam ko‘rsatish holati va sifati, saqlanayotgan shaxslar orasida olib borilayotgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar hamda sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilayotgani, mahkumlarga nisbatan qilinayotgan muomala va boshqa shu kabi holatlar o‘rganilmoqda.

Majlisda Ombudsman o‘rganishlaridan kelib chiqib, jazoni ijro etish muassasalarida hal etilishi lozim bo‘lgan masalalar va tavsiyalar muhokama qilindi.