Muloqot chog’ida O’zbekistonda ta’lim sohasida yangi innovatsion o’quv dasturlarini tatbiq etish, xususiy xalqaro maktablar filiallarini ochish va o’qituvchilar malakasini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Osama bin Solih so’nggi yillarda O’zbekiston va Saudiya Arabistoni o’rtasida oliy va yuqori darajadagi tashriflar sonining oshganini, savdo hajmi ko’payganini va Saudiya sarmoyalarining misli ko’rilmagan darajada oshib borayotganini qayd etdi. U o’zi boshqarayotgan «Al Faris International» kompaniyasi ta’lim sohasini rivojlantirish, o’qitish sifatini yaxshilash, o’quvchilar bilimini oshirish yo’nalishida ish olib borishini bildirdi.
Kompaniya sarmoyasi bilan tashkil etilgan xalqaro maktablar dunyo mamlakatlari xalqaro standarti «IBO»ga asosan faoliyat olib bormoqda. Ular Saudiyadagi maktablar orasida eng yuqori o’rinlarda turadi.
Mamlakatimiz elchisi shu kabi maktablarni O’zbekistonda ochish, o’quvchilar bilimini har tomonlama yaxshilash va o’qituvchilarning malakaviy ko’nikmasini oshirish bo’yicha hamkorlik o’rnatish taklifini bildirdi.
Saudiya tomoni ushbu taklifni to’liq qo’llab-quvvatlashini ma’lum qilib, bu borada barcha imkoniyatlar mavjudligini bildirdi.
«Biz yuz foiz o’z kapitalimiz asosida yoki o’zbekistonlik sheriklar bilan xalqaro maktablarni tashkil etishga tayyormiz. Ushbu maktablarda xalqaro standartlarga mos ravishda ta’lim beriladi, o’qish xorijiy va mahalliy til qat’iy talabi asosida olib boriladi. Bundan tashqari, maktabgacha ta’lim muassasalari ham tashkil etiladi. Bunda 6 yoshgacha bo’lgan bolalarga maktabga tayyorgarlik bo’yicha kuchaytirilgan darslar o’tiladi», dedi u.
Uchrashuv yakunida «Al Faris International» kompaniyasi delegatsiyaning O’zbekistonga safarini tashkil etish to’g’risida kelishuvga erishildi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!