Qayd etilishicha, korxonaning ayni kundagi direktori, Sardor Kariyevning onasi Munira Kariyeva shunday iltimos bilan Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi raisi va apellyatsiya instansiyasiga murojaat qilgan.
Men zararli dorilar ta’siridan bolalari vafot etib, jabrlangan ota-onalarning og‘riqli yaralariga biroz bo‘lsa-da malham bo‘lishi uchun hamda o‘g‘lim S.Kariyevning qismatini yengillatishga erishish uchun hozirda o‘zim rahbarlik qilayotgan Jurabek laboratories MCHJning iqtisodiy salohiyatini aynan sud hukmida jabrlangan ota-onalarga undirib berilishi belgilangan ma’naviy zararlarni to‘lab berishga yo‘naltirmoqchiman, — deyiladi Munira Kariyevaning sudga bergan arizasida.
O‘g‘li taqdiridan tashvishlanayotgan onaning bitiklarida katta miqdordagi mablag‘ni Jurabek laboratories MCHJning hisobi va mulkidan birdaniga ajratib berib berish imkoni yo‘qligi ta’kidlanib, “Hozirgi kunda Jurabek laboratories MCHJda 2000 nafardan ortiq odam ishlashi, har birining oilasining rizqi ham shu korxona faoliyati bilan chambarchas bog‘liqligini inobatga olgan holda, shuningdek, ilgari chetdan qimmat narxlarda import qilinadigan ko‘pgina dori vositalarini mahalliylashtirib, o‘zimizda ishlab chiqarilishi bilan bog‘liq jarayonda ham Jurabek laboratories MCHJ yetakchilik qilayotgani bois sud hukmida ko‘rsatilgan ma’naviy zarar uchun to‘lanishi kerak bo‘ladigan mablag‘larni korxonaning asosiy faoliyatiga ta’sir qiladigan usulda birdaniga ajratib olishga mening ma’naviy huquqim ham yo‘q”, — deyiladi va pul to‘liq to‘lanishi uchun 3 yillik muddat so‘raladi.
Men Jurabek laboratories MCHJning faoliyatidan daromad olish huquqiga ega ta’sischi sifatida bu mablag‘larni faqatgina korxona faoliyati natijalaridan qonunan olishim mumkin bo‘lgan divident mablag‘lari hisobiga shakllantirishim mumkin. Bu jarayon esa bir necha yil muddatni talab qiladi. Shuning uchun men korxona faoliyatidan tushadigan daromadlarni to‘g‘ri taqsimlagan holda 3 yil muddat ichida bo‘lib-bo‘lib to‘lagan holda sud hukmida belgilangan ma’naviy zarar to‘lovlarini to‘liq to‘lab berishni amalga oshirish maqsadidaman. Evaziga esa o‘g‘lim S.Kariyevga nisbatan qonunning insonparvarlik prinsipini qo‘llab, unga nisbatan tayinlangan 18 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini bekor qilib, Jinoyat kodeksining 57-moddasi asosida yengillik berilishi va uni ozodlikka chiqarilishidan umidvorman. Sizdan ushbu maqsadga erishishimga yordam berishingizni iltimos qilaman, — deydi Munira Kariyeva.
2022-yilning oktyabr, noyabr va dekabr oylarida bolalar shamollashiga qarshi qo‘llangan “Dok-1 Maks” va “Ambronol” siropi 2023-yilning yanvar oyida mamlakatda “Dok-1 Maks” fojiasi sifatida bo‘y ko‘rsatdi. Fojianing dastlabki qurbonlari haqida xabar bergan mas’ullar marhum bolalar soni 65 nafar ekanini ochiqlagan bo‘lsa, keyinchalik bu raqamlar 68 nafarga yetgani ma’lum bo‘ldi.
2024-yilning 26-fevral kuni O‘zbekistonda 68 nafar bolaning o‘limi, 16 nafar bolaning nogiron bo‘lib qolishiga olib kelgan “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha sudning yakuniy hukmi e’lon qilingandi. Unga ko‘ra, sudlanuvchilarning 7 nafari ozodlikdan mahrum qilingan bo‘lsa, 14 nafarining ozodligi cheklandi.
Shuningdek, bir nafari axloq tuzatish ishlariga jalb etilishi belgilangan bo‘lsa, yana bir nafari 17 million so‘mlik jarimaga tortilgan. 68 nafar bolaning qonuniy vakillariga 6 nafar sudlanuvchi hisobidan solidar tartibda 1 milliard so‘mdan tovon puli undirilishini belgiladi. Og‘ir tan jarohati olib nogiron bo‘lib qolgan 16 nafar va yengil tan jarohati olgan jabrlanuvchilarning qonuniy vakillariga 500 million va 200 million so‘m miqdorida tovon puli undiriladigan bo‘ldi.