Iqtisod

Elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi operator ish boshlaydiyiladi

Elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi operator ish boshlaydiyiladi

“Toshkent shahrida elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari qurilishini jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hukumat qarori loyihasi e’lon qilindi.

Toshkent shahar hokimligi, Energetika vazirligi va Raqamli texnologiyalar vazirligining quyidagi takliflariga rozilik berilishi mumkin:

  1.  Toshkent shahrida tijorat maqsadida elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi operator xizmatini joriy etish;
  2. Toshkent shahrida quvvatlash stansiyalari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi operator funksiyasini “Toshkent Invest kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati zimmasiga yuklash;
  3. 2024-yil 1-sentabrdan boshlab kompaniya tomonidan operator funksiyasini bajarish uchun dasturiy ta’minot platformasini joriy qilish, platformaga Toshkent shahri bo‘yicha elektr energiyasi yetkazib beruvchi korxonalari hamda quvvatlash stansiyalarini shartnoma asosida integratsiya qilib borish.

Energetika vazirligi Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda 2025-yilning 1-yanvariga qadar Toshkent shahrining hududlari kesimida quvvatlash stansiyalari tarmog‘i va infratuzilmasini rivojlantirishning strategiyasini ishlab chiqib, tasdiqlaydi va ularni zaruratga ko‘ra yangilab boradi.

Bunda, kompaniyaning talabnomasiga asosan 10 kun muddatdan kechikmasdan taqdim qilingan Kadastr agentligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, O‘zenergoinspeksiya, “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralarining ma’lumot va materiallariga asosan quyidagilarni inobatga olgan holda strategiya ishlab chiqiladi:

  • mavjud tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlaridagi yuklamalarini;
  • quvvatlash stansiyalarini o‘rnatish uchun yangidan quriladigan tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va boshqa zaruriy infratuzilmani shakllantirish talab etilishini;
  • quvvatlash stansiyalarini o‘rnatishga bo‘lgan real talabni va uning maqsadga muvofiqligini;
  • aholi foydalanishidagi bo‘lgan elektromobillar son ko‘rsatkichlari va ularning o‘zgarishi istiqbollarini.

Toshkent shahar hokimligi Kadastr agentligi, Energetika vazirligi, Kompaniya hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda quvvatlash stansiyalari o‘rnatish uchun mo‘ljallangan yer uchastkalari ro‘yxatini shakllantiradi va ushbu ro‘yxatdagi yer uchastkalari Toshkent shahar hokimligi qaroriga asosan kompaniyaga 49 yildan oshmaydigan muddatga to‘g‘ridan to‘g‘ri ijaraga beriladi, shuningdek zaruratga ko‘ra yer uchastkalari ro‘yxati yangilanib boriladi.