Netanyaxuning aytishicha, G‘arbiy Sohildagi falastinliklarning 80 foizi 7-oktyabr kuni HAMAS hujumini qo‘llab-quvvatlagan, shu sababli “bunday yovuzlikka davlatni topshirib bo‘lmaydi”. Isroil bosh vaziri Falastinni tan olishini “terror uchun mukofot” deb atadi.
Bu yovuzlikka davlatni topshirib bo‘lmaydi, terror davlatga aylanadi. 7-oktyabrdagi qirg‘inni takrorlashga harakat qilishadi va biz bunga rozi bo‘lmaymiz. Terrorizm uchun berilgan mukofot tinchlik olib kelmaydi va HAMASni mag‘lub etishimizga to‘sqinlik qilmaydi, — degan u.
Norvegiya, Irlandiya va Ispaniya rasmiylarining Falastin suverenitetini tan olish haqidagi qarorlari 28-maydan rasman kuchga kiradi. Falastinni BMTga a’zo 144 davlat, jumladan, O‘zbekiston tan olgan. Shu bilan birga, Falastin BMTning to‘liq a’zosi maqomiga ega emas, uning mavjudligi Xavfsizlik kengashining uchta davlati: AQSH, Buyuk Britaniya va Fransiya tomonidan tan olinmagan.