Gruziya parlamentining huquqiy masalalar bo‘yicha qo‘mitasi prezident Salome Zurabishvilining «Chet el agentlari to‘g‘risida»gi qonun deb ataladigan munozarali «Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida»gi qonuniga qo‘ygan vetosini bekor qilish tartib-taomilini boshlash tarafdori. 27-may, dushanba kuni qo‘mita a’zolari ushbu masalani plenum ovoziga qo‘yish qarorini qo‘llab-quvvatladilar.
Prezidentning vetosi 28-may kungi yalpi majlisda ko‘rib chiqiladi, deb yozadi Newsgeorgia.ge. Taxminlarga ko‘ra, parlamentda ko‘pchilikni tashkil etgan hukmron «Gruziya orzusi» va u bilan hamkorlik qiluvchi partiyalar deputatlari prezident vetosini bekor etish to‘g‘risida qaror qabul qilishlari mumkin.
YeI Gruziyaga «juda aniq signal» berishga chaqirmoqda
Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishida bir qator ishtirokchilar Gruziyaning YeI a’zoligiga nomzod sifatidagi maqomini qayta ko‘rib chiqish tarafdori bo‘lishdi.
Xususan, Litva Tashqi ishlar vazirligi rahbari Gabrielyus Landsbergis bu haqda DW muxbiriga xabar qildi: «Yevropa Ittifoqidan juda aniq signal bo‘lishi kerakki, agar qonun yakuniy tahririda qabul qilinsa, Gruziya bundan buyon Yevropa Ittifoqiga yo‘lini davom ettira olmaydi». Landsbergisning so‘zlariga ko‘ra, nomzod maqomi bo‘yicha qaror shartlar asosida berilgan va bu shartlar bajarilmasa, nomzod maqomi olib tashlanishi mumkin.