O‘zbekistonda 2024-yilning birinchi choragi davomida imtiyozli taʼlim kreditlari uchun 183,8 milliard so‘m ajratildi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, mazkur kreditlar bilan 22 ming 151 nafar talaba qamrab olingan. Unga ko’ra, kreditlarning katta qismi, yaʼni 80 foizi xotin-qizlarga berilgan — 17 830 nafar talaba bu imkoniyatdan foydalangan.
“Talim-krediti.mf.uz” platformasida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda xizmat ko‘rsatuvchi tijorat banklarining 6 tasi bilan elektron axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yilishi natijasida taʼlim krediti ajratilgan 141 ming nafar talabaning elektron maʼlumotlar bazasi shakllantirilgan.
Birinchi chorakda banklar tomonidan ajratilgan imtiyozli ta’lim kreditlar bo‘yicha yetakchilikni “Mikrokreditbank” egallagan. Bank tomonidan jami 72,3 milliard so‘m kredit ajratilgan bo‘lib, shundan 57,8 milliard xotin-qizlarga yo‘naltirilgan foizsiz ta’lim kreditlaridir.
Undan keyingi o‘rinlarda “Aloqabank” (21,3 milliard so‘m) hamda “Xalq banki” (18,4 milliard so‘m) turibdi.
Bir nech kun oldin Prezidentning “Oliy va professional taʼlim tashkilotlari talabalari va o‘quvchilariga byudjet mablag‘lari hisobidan taʼlim kreditini ajratish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilingandi. Hujjatga muvofiq endilikda ta’lim krediti faqat kunduzgi ta’limda o‘qiyotgan talabalarga beriladi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!