Jamiyat

Har yili 600 millionga yaqin inson zaharlanadi: Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi

Har yili 600 millionga yaqin inson zaharlanadi: Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi

Bugun, 6-iyun kuni Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo’mitasi tomonidan «Ovqatdan zaharlanishning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar» mavzusida matbuot anjumani o’tkazildi.

Anjumanda Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi mutasaddi vakillari, yuqumli kasalliklar shifoxonalari xodimlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Anjuman 2024-yilda «Oziq-ovqat xavfsizligi: kutilmagan vaziyatlarga tayyorlaning!» shiori ostida bo’lib o’tadigan 7-iyun Butunjahon oziq-ovqat xavfsizligi kuni munosabati bilan o’tkazildi. Tadbirda ma’lum qilinishicha, har yili xavfli oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilish natijasida 600 millionga yaqin inson jabrlanadi, 420 ming kishi mikroorganizmlar yoki kimyoviy moddalar bilan ifloslangan oziq-ovqatlarni iste’mol qilish natijasida vafot etadi. Achinarlisi, ularning 125 ming nafarini 5 yoshgacha bo’lgan bolalar tashkil etadi.

2024-yilning o’tgan I choragida 18 ta ovqatdan zaharlanish holatlari qayd etilgan bo’lib, bunda 143 nafar fuqarolar jabrlangan.

Anjumanda ishtirok etgan demokrat.uz muxbirining oziq-ovqat sotuvi bilan shug’ullanuvchi tadbirkorlar faoliyatini nazorat qilish qanday amalga oshirilishi haqidagi savoliga Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi boʻlim boshligʻi Abdurahmon Ismoilov bunday nazorat uchun qo’mitada xodimlar yetishmovchiligi kabi muammolar borligini aytib, bunda jamoatchilik nazoratini shakllantirish kerak deb javob berdi.