Iqtisod

Elektromobilni xonadonda quvvatlash uchun tungi tarif joriy qilinadi

Elektromobilni xonadonda quvvatlash uchun tungi tarif joriy qilinadi

Prezident tarmoq rahbarlari va hokimlarning bu yil elektr va gazni tejash rejasi qoniqarsiz ekanini, ular yanada katta marra olishi shartligini taʼkidladi.

Har bir hokimga 1 tadan tumanni tanlab, elektr va gaz tejash boʻyicha namuna qilish topshirildi. Ushbu tumanlarda bu yil 750 million kilovatt elektr va 550 million kub metr gaz iqtisod qilinishiga erishish muhimligi taʼkidlandi.

Yigʻilishda bundan buyon ilgʻor tajriba asosida soha va tarmoqlarda energiya samaradorlikni baholash boʻyicha yangicha tizim amal qilishi belgilandi. Bunda:

– yiliga kamida 4 million kilovatt elektr yoki 375 ming kub metr gaz sarflaydigan yirik isteʼmolchilar har uch yilda energiya auditidan oʻtadi;

– Energoinspeksiya har yili yirik isteʼmolchilar roʻyxatini eʼlon qilib boradi;

– auditdan oʻtmagan korxonalarga gaz va elektr oshirilgan tarifda yetkaziladi.

Mutasaddilarga yil yakunigacha yangi tizim bilan bogʻliq texnik reglament va normativ hujjatlarni ishlab chiqish topshirildi.

Elektromobilni xonadonda quvvatlashni ragʻbatlantiradigan tungi tarif joriy qilinadi

Quvvatlash uskunasiga hisoblagich oʻrnatgan aholiga tungi vaqtda quvvatlaganlik uchun arzon tarif qoʻllanadi.

Shuningdek, koʻchalar, koʻp qavatli uylar atrofida 22 kilovattgacha, xonadonda 7 kilovattgacha zaryadlash stansiyasi oʻrnatish mumkin boʻladi. Davlat tashkilotlari, savdo markazi, mehmonxona va dam olish maskanlari avtoturargohida quvvatlash stansiyasi oʻrnatiladi.