Isroil mudofaa kuchlari Livan janubiy chegarasidagi Jouya aholi punktiga zarba bergan. Oqibatda “Hizbulloh”ga aloqadorlikda gumonlangan 4 kishi halok bo‘lgan. Ularning biri tashkilot qo‘mondoni bo‘lgani xabar berilgan.
Manbaga ko‘ra, Isroil hujumida halok bo‘lgan “Hizbulloh” qo‘mondoni hozircha Isroil bilan sakkiz oylik janglarda halok bo‘lgan guruhning eng yuqori martabali aʼzosi hisoblanadi. Tel-Aviv hujumlarida bungacha asosan tinch aholi va oddiy harbiylar halok bo‘lar edi.
“Hizbulloh” rasmiylari Taleb Abdullohni so‘nggi sakkiz oy ichida eng ko‘p zarar ko‘rgan ayrim shaharlarni o‘z ichiga olgan janubiy chegara chizig‘i mudofaasi uchun qo‘mondon sifatida tayinlagan. Unga Isroil quruqlik kuchlarini Livanga o‘tkazmaslik majburiyati yuklangan bo‘lgan.
Isroil harbiylari voqea haqida hozircha hech qanday izoh bermagan. Jouyaga hujum borasidagi maʼlumotni ham tasdiqlamagan.
Maʼlumot o‘rnida, joriy yilning yanvar oyida Isroil hujumi oqibatida “Hizbulloh”ning boshqa bir qo‘mondoni Vissam Tavil ham halok bo‘lgan edi. Taleb Abdulloh martaba va harbiy vakolatlari jihatidan Vissam Tavildan ustun turgani aytilgan.
So‘nggi sakkiz oyda Isroil hujumlari oqibatida 300 nafarga yaqin “Hizbulloh” askarlari halok bo‘lgan. Ular asosan havo hujumlari qurboni bo‘lgan.