Jamiyat, Jinoyat

Xodimga ortiqcha to‘langan mablag‘lar qay tartibda ushlanadi?

Xodimga ortiqcha to‘langan mablag‘lar qay tartibda ushlanadi?

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ga Jizzax viloyatidan fuqaro G.I. va bir necha fuqarolarning jamoaviy murojaati kelib tushdi. Unda murojaatchilar oylik maoshlari noqonuniy tartibda ushlab qolinganini bildirib, mehnat huquqlarining tiklanishini so‘rashgan.

Qayd etilishicha, fuqarolarning 2024-yil fevral oyi uchun ish haqi kam to‘lanib, ish beruvchi tomonidan ishchilarning yozma ruxsatisiz oylik maoshlaridan ushlab qolingan.

Mazkur murojaat Ombudsman nazoratiga olindi. Holat Ombudsmanning Jizzax viloyatidagi mintaqaviy vakili hamda Jizzax viloyati Kambag‘allikni qisqartirish va Bandlik bosh boshqarmasi vakili bilan birgalikda joyiga chiqib o‘rganildi.

Aniqlanishicha, Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Jizzax filiali buxgalteriyasi tomonidan bir necha nafar xodimlarning mehnat taʼtili mablag‘larini hisoblashda xatolik ketganligi sababli ish haqlari ortiqcha to‘lab yuborilgan. Jumladan, fuqaro G.I. hisobiga 3,8 mln va fuqaro P.O. hisobiga 4 mln so‘m miqdorida mehnat taʼtili uchun ortiqcha mablag‘ to‘langan.

Shundan so‘ng, ortiqcha to‘langan ish haqi va boshqa to‘lovlar 2024-yil fevral oyida xodimlarning yozma roziligisiz va sudning qarorisiz Mehnat kodeksida belgilangan talabga zid ravishda ushlab qolingan.

Ishchi guruhning o‘rganish natijalariga ko‘ra, Davlat mehnat nazorat inspeksiyasining tegishli qarori bilan filial hisobchisiga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 49-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganligi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 8 baravari miqdorida 2 720 000 so‘m hamda filial bosh hisobchisiga nisbatan BHMning 7 baravari miqdorida 2 380 000 so‘m jarima jazosi tayinlandi.

Maʼlumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 269-moddasiga muvofiq, ish beruvchi ish haqihisobiga berilgan hisob-kitobdagi xatolar oqibatida ortiqcha to‘langan summalarni qaytarib olishi mumkin, bunday hollarda ish beruvchi to‘lov noto‘g‘ri hisoblab chiqarilgan kundan eʼtiboran bir oydan kechiktirmay ushlab qolish haqida buyruq chiqarishga haqli.

Agar bu muddat o‘tib ketgan bo‘lsa yoki xodim bo‘nakni to‘lash uchun ushlab qolish asoslariga yoxud miqdoriga eʼtiroz bildirayotgan bo‘lsa, qarzni to‘lash sud tartibida amalga oshirilishi belgilangan.