Jahon, O‘zbekiston

Moʻgʻuliston Prezidenti 23-26-iyun kunlari davlat tashrifi bilan O’zbekistonda boʻladi

Moʻgʻuliston Prezidenti 23-26-iyun kunlari davlat tashrifi bilan O’zbekistonda boʻladi

Prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Moʻgʻuliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux 23-26-iyun kunlari davlat tashrifi bilan O’zbekistonda boʻladi.

Moʻgʻuliston Prezidentining O’zbekistonga tashrif dasturiga muvofiq:

Toshkent shahrida oliy darajadagi muzokaralar oʻtkazilishi koʻzda tutilgan. Unda Oʻzbekiston-Moʻgʻuliston doʻstlik va koʻp qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada kengaytirish va mustahkamlash masalalari koʻrib chiqiladi.

Xususan, kun tartibidan konstruktiv siyosiy muloqot va parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish, ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmini oshirish, togʻ-kon sanoati, qishloq xoʻjaligi, chorvachilik, yengil sanoat, sogʻliqni saqlash, transport, logistika va boshqa yoʻnalishlarda kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish rejalari oʻrin olgan.

Shuningdek, madaniy-gumanitar va turizm aloqalarini faollashtirishga qaratilgan qoʻshma chora-tadbirlar muhokama qilinadi. Xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashiladi.

Sammit yakunlari boʻyicha hukumatlararo va idoralararo hujjatlar toʻplamini qabul qilish koʻzda tutilgan.

Prezidentlarning ikki mamlakat yetakchi kompaniyalari va ishbilarmon doiralar vakillari bilan uchrashuvi hamda qator boshqa ikki tomonlama tadbirlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

Moʻgʻuliston Prezidenti Xiva shahriga ham tashrif buyurib, o’zbek xalqining boy madaniy-tarixiy merosi bilan tanishadi.