Jamiyat, Jinoyat

Qashqadaryoda fuqaro talabani pichoqladi

Qashqadaryoda fuqaro talabani pichoqladi

Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida fuqaro talabani pichoqladi. Bu haqda viloyat Prokuraturasi xabar berdi.

Kecha, 22-iyun kuni soat 08:30 larda fuqaro M.E o‘ziga oldindan tanish bo‘lgan Qarshi davlat universiteti talabasi fuqaro S.T. bilan universitet hududida o‘zaro janjallashib, S.T.ning tanasini turli sohalariga o‘zi bilan olib kelgan pichoqni 8 marotaba sanchib, og‘ir tan jarohati yetkazgan. Shundan so‘ng fuqaro M.E. o‘zining qorin bo‘shlig‘iga pichoq sanchib, o‘ziga-o‘zi tan jarohati yetkazgan.

Qarshi shahar prokuraturasi tomonidan fuqaro M.E.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 25-moddasi (jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish) hamda 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

“Jabrlanuvchi hozirda shifoxonada tibbiyot xodimlari nazorati ostida davolanmoqda. Gumonlanuvchi shaxs protsessual tartibda ushlangan. Jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari shahar prokuraturasi tomonidan olib borilmoqda”, deyilgan xabarda.