Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabariga ko‘ra, agentlik va Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan sog‘liqni saqlash tizimida “Korrupsiyasiz soha” loyihasi ijrosi yuzasidan Ibn Sino nomidagi 1-sonli Toshkent shahar klinik shifoxonasida budjet mablag‘laridan foydalanish va tizimdagi korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olish masalalari bo‘yicha o‘rganish o‘tkazildi.
Xususan, tashkilot mansabdor shaxslari o‘zaro jinoiy til biriktirgan holda shifoxonada amalda bir qator lavozimlar mavjud bo‘lsa-da, boshqa fuqarolar bilan fuqarolik-huquqiy shartnomalar tuzgan va amalda biror-bir bajarilmagan ish uchun ularga doimiy ravishda oylik ish haqi to‘lab kelingan. Natijada juda ko‘p miqdordagi budjet mablag‘lari talon-toroj qilingan.
Yuqoridagilarga ko‘ra, agentlik taqdim etgan hujjatlar asosida prokuratura organlari tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Hozirda holat yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.