Kanadaning Xitoydagi Favqulodda va muxtor elchisi Jennifer Mey Sharqiy Turkistonga rasmiy tashrif bilan borib, Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni raisi Erkin Tuniyazga mintaqada inson huquqlarining poymol etilishidan xavotirda ekanini bildirdi. Bu haqda “Reuters” nashri xabar berdi.
“Elchi Mey Shinjonda uyg‘urlar va boshqa musulmon etnik ozchiliklarga ta’sir ko‘rsatayotgan inson huquqlarining muntazam ravishda buzilishi, jumladan, BMT ekspertlari tomonidan ko‘tarilgan ishonchli xabarlar yuzasidan xavotir bildirdi. Bu Kanadaning inson huquqlari bilan bog‘liq xavotirlarini bevosita Shinjon rahbariyatiga yetkazish uchun imkoniyat bo‘ldi”, deyiladi Kanada TIV bayonotida.
Xitoyning Ottavadagi elchixonasi esa hozircha rasmiy javob qaytarmagan. Nashrga ko‘ra, Jennifer Meyning 19-22-iyun kunlari Shinjon-Uyg‘urga tashrifi Kanada elchisining so‘nggi o‘n yildagi birinchi rasmiy tashrifidir. Qayd etilishicha, Kanada, xuddi AQSH singari, Shinjonda inson huquqlari poymol qilingani uchun jismoniy va yuridik shaxslarga nisbatan sanksiyalar kiritgan.
Ma’lumot uchun, elchi Mey Kanada Xitoyni saylovlarga aralashish borasida ogohlantirish berganidan bir necha hafta o‘tib bu mintaqaga tashrif buyurdi. Joriy yilning aprel oyida Kanada Bosh vaziri Jastin Tryudo rasmiy Pekin mamlakatda oxirgi ikki milliy ovoz berish jarayoniga aralashishga uringanini bildirgan, Xitoy esa bu ayblovni rad etgandi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!