O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 26-iyun kuni amaliy tashrif bilan mamlakatda bo‘lib turgan Turkiya Milliy mudofaa vaziri Yashar Gyuler boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, uchrashuv avvalida Gyuler Mirziyoyevga Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘onning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazgan.
«Anqara shahriga 5-6-iyun kunlari amalga oshirilgan oliy darajadagi tashrif chog‘ida erishilgan kelishuvlarni hisobga olgan holda O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yana-da chuqurlashtirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi», deyiladi xabarda.
Shuningdek, harbiy va harbiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari, jumladan, yaqin idoralararo aloqalarni mustahkamlash, qo‘shma tadbirlar tashkil etish, harbiy mutaxassislarni tayyorlash va boshqa masalalar muhokama qilingan.
Bundan tashqari, xavfsizlik sohasida, terrorizm, ekstremizm va radikalizmga qarshi kurashishda hamkorlikni mustahkamlash va muvofiqlashtirishga alohida eʼtibor qaratilgan.
Mintaqada tinchlik va barqarorlikni taʼminlash, shu jumladan Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan ham fikr almashilgan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!