Jahon

Arab davlatlari ligasi “Hizbulloh”ni terrorchi tashkilotlar ro‘yxatidan chiqardi

Arab davlatlari ligasi “Hizbulloh”ni terrorchi tashkilotlar ro‘yxatidan chiqardi

Bayrutda Arab ligasi bosh kotibi yordamchisi Husam Zaki qarshilik harakati siyosiy byurosi aʼzosi Muhammad Raad bilan uchrashgan.

«Liga Hizbullohdan terrorchi guruh maqomini olib tashlashga qaror qildi, chunki bu partiya Livanning hozirgi siyosati va kelajagida muhim rol o‘ynaydi», – degan misrlik diplomat.

Zakining Raad bilan uchrashuvi 2016-yildan beri – Saudiya tashabbusi bilan shia guruhining liga tashqi ishlar vazirlari qo‘mitasi tomonidan terrorchilik tashkiloti deb tan olinganidan so‘ng birinchi marta tashkillashtirilgan. O‘shanda Hizbulloh Eronning Yaqin Sharqdagi taʼsirini kuchaytirishda hamda Iroq, Yaman, Livan, Suriya va Fors ko‘rfazidagi arab davlatlarining ichki ishlariga aralashishda ayblangan.

Bayrutda jurnalistlar bilan suhbatda misrlik diplomat o‘z tashrifidan maqsad Arab Ligasi Bosh kotibi Ahmad Abu al-G‘ayt nomidan mintaqa hamjamiyatining Livan va uning xalqi bilan birdamligini ifoda etish ekanini taʼkidlagan.

“Janubdagi harbiy kuchayish nafaqat Livanda, balki butun Yaqin Sharqda xavfsizlik va barqarorlikka jiddiy tahdiddir. Shu bois Hizbullohning Isroil bilan mojarosi kengayishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi”, – degan Zaki.

Arab Ligasi bosh kotibi yordamchisi, shuningdek, livanlik siyosatchilarni milliy manfaatlarni shaxsiy ambitsiyalardan ustun qo‘yishga va 19 oydan beri lavozimi bo‘shab qolayotgan respublikaning yangi prezidentini saylashga chaqirgan.