Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu payshanba kuni AQSH prezidenti Jo Baydenga to‘xtab qolgan muzokaralarni qayta boshlash uchun delegatsiya yuborishga qaror qilganini bildirdi. Bu haqda Reuters isroillik manbaga tayanib xabar berdi. HAMAS ham juma kuni kelishuv shartlari bo‘yicha qayta ko‘rib chiqilgan taklifni qabul qildi.
Qayd etilishicha, Isroil allaqachon G‘azo bo‘yicha muzokaralarda ishtirok etish uchun Mossad rahbari David Barnea boshchiligidagi delegatsiyani Qatarga yubordi.
Reuters agentligiga ismini oshkor qilmaslik sharti bilan maʼlumot bergan Isroil muzokara guruhidagi manba hozirda kelishuvga erishish uchun real imkoniyat borligini aytdi.
Isroilning izohlari avvalgilaridan keskin farq qiladi, burnga qadar har safar HAMAS tomonidan ilgari surilgan shartlar «qabul qilib bo‘lmaydigan» deb atalar edi.
Muzokara jarayoniga yaqin bo‘lgan Falastin rasmiysining aytishicha, HAMASning so‘nggi taklifi, agar Isroil buni qabul qilsa, sulhga olib kelishi mumkin.
“Tomonlarga doimiy o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishish uchun ko‘proq vaqt kerak bo‘lsa, har ikki tomon ham shunday bo‘lgunga qadar jangovar harakatlar qayta boshlanmasligiga rozi bo‘lishi kerak”, dedi rasmiy Reuters agentligiga.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!