Buyuk Britaniya bosh vaziri Rishi Sunak Konservativ partiyaning parlament saylovlarida mag‘lubiyatga uchragani ortidan isteʼfoga chiqish niyati borligini maʼlum qildi.
“Tez orada qirol janoblari bilan uchrashib, unga mamlakat bosh vaziri lavozimidan isteʼfoga chiqishni taklif qilaman. Mamlakat uchun juda afsusda ekanligimni aytmoqchiman. Bu ishga bor kuchimni berdim, lekin siz Britaniya hukumati o‘zgarishi kerakligi haqida aniq signal yubordingiz. Va sizning hukmingiz – muhim bo‘lgan yagona narsa. Sizning g‘azabingiz va umidsizliklaringizni eshitdim hamda bu yo‘qotish uchun to‘liq javobgarlikni o‘z zimmamga olaman», – dedi Sunak bir kun avval mamlakatdagi saylovlardan so‘ng so‘zga chiqar ekan.
Britaniya bosh vaziri, shuningdek, Konservativ partiya nomzodlari va xodimlaridan saʼy-harakatlari samarasizligi uchun uzr so‘radi.
Sunak o‘z ishini sarhisob qilar ekan, Buyuk Britaniya kuchliroq ekanini taʼkidladi.
“Mamlakatimiz 20 oy oldingiga qaraganda xavfsizroq va kuchliroq ekanligiga ishonaman. 2010 yilga qaraganda esa ancha obod, adolatli va barqaror”, — dedi u.
Britaniya bosh vaziri saylovda Leyboristlar partiyasi bilan birgalikda g‘alaba qozongan raqibi Key Starmerga ham muvaffaqiyatlar tiladi.
Eslatib o‘tamiz, 4 iyul, payshanba kuni Buyuk Britaniya jamoatlar palatasiga saylovlar bo‘lib o‘tdi. Unda Leyboristlar partiyasi 33,8 foiz bilan 23,7 foiz ovoz to‘plagan Konservativlar partiyasining 14 yillik hukmronligiga barham berdi. Saylovlar natijasiga ko‘ra, 650 o‘rinli Britaniya parlamentida 412 o‘rin Leyboristlar partiyasiga nasib qildi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!