U tergov izolyatoriga joylashtirilgan.
Prezident matbuot kotibi Askat Alagozov ham Sabirbekov ushlanganini tasdiqlagan. U Sabirbekovning noqonuniy ishlarini himoya qilish uchun hokimiyatdagilar orasidan tirgak izlaganiga to‘liq asos borligini ta’kidlagan.
Askat Alagozov, shuningdek, Sabirbekovni «sobiq kuyov» deya ta’riflab, u va sheriklarining xatti-harakatlariga tergov jarayonida oydinlik kiritilishini qayd etgan.
Eslatib o‘tamiz, iyun oyi oxirida Sabirbekov va Nurkojoyevaning unashtiruv marosimi katta shov-shuv ko‘targandi. Lazzat Nurkojoyeva unashtiruv marosimiga Favqulodda vaziyatlar vazirligiga tegishli vertolyotda uchib borgani jamoatchilik e’tirozini keltirib chiqardi. Buning ortidan prezident Sadir Japarov omma oldida uzr so‘rashga majbur bo‘ldi.
«Mamlakat rahbariyatiga yaqinlar boshqalarga o‘rnak bo‘lishi kerak. Men isrofgarchilikka chek qo‘yish lozimligi haqida ko‘p takrorlayman. Hech bo‘lmaganda, bo‘lajak kuyov meni qo‘llab-quvvatlab, qo‘lni bunday so‘rashdan oldin o‘ylashi kerak edi. U tanqidga uchramaslikka, prezidentni noqulay holatda qoldirmaslikka harakat qilishi kerak edi. O‘ylaymanki, u yoshlik qilgan. Agar u kelib, uning qo‘lini oddiygina so‘raganida ham uni rad qilishmasdi», dedi Japarov.
Japarov izohida vertolyotlarni ijaraga berishdan keladigan pullar budjetga tushishini, bu pullar evaziga FVV vertolyot parkini yangilashini eslatib o‘tgan. Shu bilan birga, u o‘z oilasi a’zolari pul sarflashda o‘zini tiyishi lozimligini qayd etgandi.