Facebook, Instagram va WhatsApp egasi hisoblangan Meta kompaniyasi “sionist” so‘zi va uning hosilalarini o‘z ichiga olgan postlarga nisbatan siyosatiga o‘zgartirish kiritilishini eʼlon qildi va “yahudiylar” o‘rniga “sionizm” so‘zi ishlatilgan postlar o‘chirib tashlanishi haqida ogohlantirdi.
Meta ushbu cheklovlar o‘zining yaqindagi «himoyalangan milliy, irqiy yoki diniy xususiyatlar asoslariga hujumlarni taqiqlash” siyosatiga hamohang ekanini maʼlum qildi.
Joriy yil boshida Amnesty International inson huquqlari tashkiloti Facebook ijtimoiy tarmog‘ida Isroilning bosqinchilik siyosatini qonuniy tanqid qilish maqsadida “sionizm” va “sionist” atamalaridan foydalanishni taqiqlamaslik kerakligini bildirgan edi.
“Sionizm” atamasi ko‘pincha XIX asrda, yahudiy xalqi uchun milliy davlat yaratish maqsadi bilan Isroil tashkil etilishidan oldin boshlangan siyosiy harakat bilan bog‘liq.
G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligining so‘nggi maʼlumotlariga ko‘ra, Isroilning G‘azo sektoriga hujumi natijasida 38 mingdan ortiq odam halok bo‘lgan. Ayrim qurbonlar hali ham vayronalar ostida yoki borish qiyin bo‘lgan hududlarda ekanligi, shuning uchun tez yordam va fuqarolik mudofaa guruhlari ularga yetib bora olmayotgani taʼkidlandi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!