Jamiyat

Qirgʻizistonga ID-karta orqali oʻtish boʻyicha kelishuvga erishilgani Fargʻona uchun imkoniyatlar eshigini ochdi

Qirgʻizistonga ID-karta orqali oʻtish boʻyicha kelishuvga erishilgani Fargʻona uchun imkoniyatlar eshigini ochdi

Chegaradan ID-karta orqali oʻtish boʻyicha Qirgʻiziston bilan kelishuvga erishilgani Fargʻona uchun imkoniyatlar eshigini ochgani taʼkidlandi.

Qariyb 20 yil yopiq boʻlgan Shohimardon va Yordon anklav qishloqlariga oʻtgan yili 400 mingga yaqin turist bordi.

Lekin, “Vodil” va “Oq-qiya” chegara oʻtkazish punktlari xalqaro maqomga ega emasligi bois xorijiy turistlar Shohimardon va Yordonga Oʻsh orqali aylanib kelishiga toʻgʻri kelmoqda. Bu masala hal boʻlsa, tadbirkorlar ushbu 2 ta qishloqqa 100 million dollar investitsiya kiritishga tayyor.

Bu borada qoʻshni mamlakat bilan tegishli muzokaralar olib borilayotgani maʼlum qilindi.

Mutasaddilarga Shohimardon va Yordon qishloqlari, Vodil shaharchasining master rejasini ishlab chiqish topshirildi.

Shu bilan birga dushanbadan boshlab yangilangan Qoʻqon aeroportidan Toshkentga har kuni, Samarqand, Buxoro va voha shaharlariga esa har hafta aviaqatnovni yoʻlga qoʻyish boʻyicha topshiriq berildi.

Yangi oʻquv yilidan Qoʻqon universiteti turizm fakultetida Italiya, Fransiya va Shveysariya oʻquv dasturlari joriy qilinadi, xorijiy mutaxassislar olib kelinadi.