Jahon, Siyosat, Sport

Qozog‘istonda “Birlestik-2024” xalqaro mashg‘ulotlari yakunlandi

Qozog‘istonda “Birlestik-2024” xalqaro mashg‘ulotlari yakunlandi

17-iyul, chorshanba kuni Qozog‘istonda “Birlestik-2024” xalqaro tezkor-taktik qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashg‘ulotlarining yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Tojikiston harbiy rahbariyati Kaspiy dengizidagi To‘qmoq burniga yetib keldi va mashg‘ulotlarning so‘nggi taktik epizodini kuzatdi. Bu haqda Ozarbayjon Mudofaa vazirligi bayonotida aytiladi.

Dunyoning 15 davlati harbiy attashe apparati vakillari ham ishtirok etgan tantanali marosimda bir guruh harbiy xizmatchilarga medallar va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi, shundan so‘ng shaxsiy tarkib minbar oldidan tantanali yurish bilan o‘tdi.

Eslatib o‘tamiz, “Birlestik-2024” qo‘shma mashg‘ulotlari “Oymasha” poligoni, Qoraqiya tumanidagi To‘qmoq burni va Kaspiy dengizining Qozog‘iston akvatoriyasida o‘tkazildi.

Kaspiy dengizi sohillarida o‘tkazilgan mashg‘ulotlarda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Tojikiston harbiylari ishtirok etdi. Rossiya va Eron taklif qilinmadi.

Qo‘shma manyovrlarga jami 4 ming nafar harbiy xizmatchi, 700 tagacha qurol va harbiy texnika jalb qilindi.