Jahon

Putin almashilgan mahbuslarni aeroportda shaxsan kutib oldi

Putin almashilgan mahbuslarni aeroportda shaxsan kutib oldi

Bugun, 2-avgustga o‘tar kechasi Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Moskvaning Vnukovo aeroportida G‘arb davlatlari bilan mahbuslar almashinuvi doirasida vataniga qaytgan rossiyaliklarni shaxsan kutib oldi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar berdi.

“Interfaks” agentligi xabariga ko‘ra, uchish-qo‘nish yo‘lagida rossiyaliklarni Prezident polkining harbiy xizmatchilari ham kutib olgan. Bundan tashqari, Federal xavfsizlik xizmati rahbari Aleksandr Bortnikov, Tashqi razvedka xizmati rahbari Sergey Narishkin va Mudofaa vaziri Andrey Belousov Vnukovoga yetib keldi.

Harbiy xizmatga aloqador sobiq mahbuslarga murojaat qilib, Putin ularga “qasamyod va burchlariga sodiqliklari uchun” minnatdorlik bildirdi.

“Hammangiz davlat mukofotlariga nomzod bo‘lasiz, biz sizlar bilan yana uchrashamiz va kelajagingiz haqida gaplashamiz”, degan Vladimir Putin.

Rossiya Federatsiyasi FXX xabariga ko‘ra, almashinuv natijasida NATOning bir qator davlatlarida qamoqqa olingan sakkiz nafar rossiyalik o‘z vatanlariga qaytarilgan. Anqaradan Vnukovoga yetib kelgan “Rossiya” aviakompaniyasi samolyoti bortida ham voyaga yetmagan bolalar bo‘lgan.