Buxoro viloyatida faoliyat ko‘rsatuvchi tadbirkor elektr tarmoqlari korxonasi mas’ul xodimlarining harakatlaridan norozi bo‘lib, Biznes-ombudsmanga murojaat qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, Buxoro shahar elektr tarmoqlari korxonasi bilan «Davron fayz» (nomi o‘zgartirilgan) MCHJ o‘rtasida 2021-yil 1-yanvarda shartnoma tuzilgan. Ushbu shartnomaga asosan korxonaga 1 stavkali tarif bo‘yicha elektr quvvatidan foydalanishga ruxsat berilgan va texnik shartlar taqdim etilgan.
Biroq 2024-yil 8-mart kuni, dam olish kuni bo‘lishiga qaramay, Buxoro shahar elektr tarmoqlari korxonasi xodimlari tomonidan hech qanday asoslovchi hujjatlarsiz va oldindan ogohlantirmasdan tadbirkorga qarashli mehmonxona elektr tarmog‘idan uzib qo‘yilgan.
Bu esa korxonaning bir sutkadan ortiq vaqt davomida elektr quvvatsiz qolishiga va tadbirkorlik faoliyatining noqonuniy to‘xtatilishiga olib kelgan.
Vakil devoni xodimlari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish natijasida, mazkur qonunbuzilish holatlari Buxoro shahar elektr tarmoqlari korxonasi mansabdor shaxsi tomonidan sodir etilganligi aniqlanib, unga nisbatan MJtKning 241-3-moddasi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, JIB Buxoro shahar sudiga yuborildi.
JIB Buxoro shahar sudining 2024-yil 26-iyuldagi qarori bilan huquqbuzarlik holati tasdiqlanib, unga nisbatan jarima jazosi qo‘llanildi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!