Jamiyat

Prezident sovg‘asini tarqatish boshlandi. Bu yil 1-sinf o‘quvchilariga nimalar beriladi?

Prezident sovg‘asini tarqatish boshlandi. Bu yil 1-sinf o‘quvchilariga nimalar beriladi?

6-avgust kuni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi 1-sinf o‘quvchilariga beriladigan bepul o‘quv qurollarini hududlarga jo‘natishni boshladi. Bu haqda OAV vakillari uchun tashkil etilgan press-turda ma’lum qilindi.

Ma’lum qilinishicha, sovg‘alar 12 nomdagi o‘quv qurollari — portfel, yozuv va rasm daftarlari, akvarel bo‘yoqlari, rangli qog‘oz, qalamdon, ruchka, rangli qalam, oddiy qalam, plastilin, yelim va o‘chirg‘ich to‘plamidan iborat.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi boshqarma boshlig‘i Erkin Murodovning aytishicha, sovg‘alar 719 366 nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan.

“Hozirgacha 586 290 nafar (81,5 foiz) o‘quvchi 1-sinfga qabul qilindi. Maktablarga qabul jarayoni davom etmoqda. O‘quv qurollari respublikadagi barcha davlat va nodavlat maktablarga yetkaziladi. Bu yil mahsulotlar sifatiga alohida e’tibor berildi. Avvalgi yillarda o‘g‘il va qiz bolalar uchun alohida ranglarda tayyorlangan bo‘lsa, yangi o‘quv qurollari barcha o‘quvchilarga bir xil rangda beriladi”, dedi vazirlik mas’uli.