Jahon

Yaponiya bosh vaziri zilzila tufayli Markaziy Osiyoga tashrifini bekor qilishi mumkin

Yaponiya bosh vaziri zilzila tufayli Markaziy Osiyoga tashrifini bekor qilishi mumkin
FILE PHOTO: Former Japanese Foreign Minister Fumio Kishida attends a press conference at the Liberal Democratic Party (LPD) headquarters after he was elected as the party president in Tokyo, Japan September 29, 2021. Du Xiaoyi/Pool via REUTERS


Yaponiya bosh vaziri idorasi mamlakatda yuz bergan zilzila tufayli Markaziy Osiyoga amalga oshirilishi rejalashtirilgan davlat tashrifini bekor qilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda yapon mahalliy nashrlariga tayanib, Reuters xabar berdi.

Manbada aytilishicha, hozirda mamlakatda zilzila xavfi maksimal darajaga yetgan. Tahlilchilar Yaponiya janubi hamda g‘arbiy sohillari bo‘ylab yirik silkinishlar bo‘lishi mumkinligi, sunami yuzaga kelishi xavfidan ogohlantirgan.

Mamlakatga yaqinlashib kelayotgan favqulodda holat esa bosh vazir Fumio Kisidani Markaziy Osiyoga tashrifni bekor qilishga undagan. Hozirda mamlakat rasmiylari safarni bekor qilish va unda muhokama qilinadigan mavzularni onlayn formatga o‘tkazish ustida ish olib borayotgani aytilgan.

Fumio Kisida oldindan eʼlon qilingan reja asosida Qozog‘iston, O‘zbekiston va Mo‘g‘ulistonga 9—12-avgust kunlari davlat tashriflari amalga oshirishi kerak edi. Ushbu tashriflarda savdo-iqtisodiy hamda bir qator o‘zaro ikki tomonlama hamkorlik masalalari ko‘rib chiqilishi belgilangan.

Yaponiya meteorologiya agentligi 8-avgust kuni kuchli zilzilalar yuzaga kelishi mumkinligi haqida bayonot bergan. Aholi uylarini tark etmaslikka va viloyatlar bo‘ylab safarga chiqmaslikka chaqirilgan. Agentlik viloyatlardagi hukumatlarni eng yomon ssenariy ro‘y bergan taqdirda favqulodda evakuatsiyaga tayyorlanishga chaqirgan.

Maʼlumot o‘rnida, 8-avgust kuni Yaponiya janubidagi Kyusyu va Sikoku orollarida ikkita 7 balli zilzila kuzatilgan edi. Oqibatda joylarda aholi va mahalliy hokimiyat inshootlariga zarar yetgan. Dengiz sohiliga yaqin hududlarda sunami xavfi eʼlon qilingan.