Aniqlanishicha, Aziz Voitovga nisbatan Jinoyat kodeksining bir qator moddalari bo‘yicha ayblov e’lon qilingan. Bular:
- 167-modda 3-qismi “a” va “v” bandlari (Juda ko‘p miqdorda, uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish);
- 205-modda 2-qismi “a” bandi (Juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish);
- 206-moddasi 2-qismining “a” bandi (Juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish);
- 209-moddasi 2-qismining “a” bandi (Mansab soxtakorligi).
Mazkur ishda tadbirkorlar Orzubek Otabayevich Rajabov va Alisher Fazlitdinovich Urinbayev ham ayblanmoqda.
- 167-modda 3-qismi “a” bandi (Juda ko‘p miqdorda o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish);
- 189-moddaning 1-qismi (Tovarlar savdosi yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini juda ko‘p miqdordagi qiymatda buzish);
- 209-moddaning 1-qismi (Mansab soxtakorligi);
- 211-moddaning 1-qismi (Pora berish);
- 228-modda 2-qismi “a” va “b” bandlari (Takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan yoki bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish);
- 228-moddaning 3-qismi (Hujjatning qalbaki ekanligini bila turib, undan foydalanish).
Toshkentdagi Lanell Group (to‘qimachilik sanoati uchun xomashyo) va Rainbow-Teks (paxta tolasini tayyorlash va yigiruv) kompaniyalarining asoschisi Alisher Urinbayev quyidagilarda ayblanmoqda:
- Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi (Juda ko‘p miqdorda o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish).
Sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri 2023-yilning dekabrida hibsga olingan. Oktyabr oyi oxirida u ishdan bo‘shatilganidan so‘ng Hisob palatasi Qishloq xo‘jaligi vazirligida tekshiruv o‘tkazgan.
Voitov 2022-yil avgustidan 2023-yil oktabriga qadar qishloq xo‘jaligi vaziri lavozimida ishlagan. Hozirda uning o‘rnini Ibrohim Abdurahmonov egallagan. Bungacha, 2020-yilning mart oyidan boshlab u Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi.