Jahon

Sobiq vazir Aziz Voitov sudi qachon oʻtkazilishi maʼlum boʻldi

Sobiq vazir Aziz Voitov sudi qachon oʻtkazilishi maʼlum boʻldi

Maʼlum boʻlishicha, 15-avgust kuni jinoyat ishlari boʻyicha Mirobod tuman sudining ish yurituvida boʻlgan A. Voitov (Qishloq xoʻjaligi vaziri lavozimida ishlagan) va boshqalarga hamda jinoyat ishlari boʻyicha Shayxontohur tuman sudining ish yurituvida boʻlgan X. Karimov (Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligida xizmatlar koʻrsatish agentligi direktori lavozimida ishlagan) va boshqalarga oid jinoyat ishlarini bitta ish yurituvga birlashtirish yuzasidan dastlabki eshituv yakunlangan.

Dastlabki eshituv Jinoyat-protsessual kodeksining 405-6-moddasi talabiga muvofiq yopiq sud majlisida oʻtkazilib, uning natijasi boʻyicha ikkita jinoyat ishi bitta ish yurituvga birlashtirilgan.

Xabarga koʻra, A. Voitov va boshqalarga (jami 50 kishi) oid jinoyat ishi boʻyicha ochiq sud jarayoni 2024-yil 5-sentyabr kuni, soat 15.00 da jinoyat ishlari boʻyicha Yunusobod tuman sudi binosida boʻlib oʻtadi.

Bunda mazkur jinoyat ishi jinoyat ishlari boʻyicha Mirobod tuman sudi tomonidan birinchi instansiyada koʻrib chiqiladi.
Taʼkidlanishicha, tergov organining ayblov xulosasiga koʻra, sudlanuvchilar Jinoyat kodeksining 167, 168, 184, 185-2, 189, 205, 206, 28,209, 209, 211, 228 va 243-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.

“29 nafar sudlanuvchiga nisbatan “qamoqqa olish”, 15 nafariga “garov“ va 6 nafariga “munosib xulq-atvorda boʻlish haqidagi tilxat” tarzidagi ehtiyot choralari qoʻllanilgan”, deyiladi xabarda.

Oldinroq sobiq vazir Aziz Voitov Jinoyat kodeksining bir nechta moddalari boʻyicha ayblanayotgani hamda sobiq vazir va hokim Muzaffar Saliyev 7 yilga qamalgani haqida xabarlar berilgan edi.