O‘zbekiston

Milliy gvardiya ta’lim tizimida ham faollik ko’rsatmoqda

Milliy gvardiya ta’lim tizimida ham faollik ko’rsatmoqda

O‘sib kelayotgan yosh avlodni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda ona Vatanga sadoqat va uning mustaqilligini himoya qilish bo‘yicha burch tuyg‘usini shakllantirish, harbiy xizmatga hurmat tuyg‘ularini singdirish, shuningdek, oliy harbiy taʼlim muassasalariga o‘qishga kirish uchun yetarli bilimga ega bo‘lgan iqtidorli yoshlarni tizimli ravishda tayyorlashga jiddiy e’tibor qaratildi. Vazirlar Mahkamasining 2020-yildagi “Umumiy o‘rta taʼlim maktablarida harbiy-vatanparvarlik sinflari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori ayni shu holatlarni mustahkamlash uchun qabul qilingan.

Unga ko‘ra, 2020-2021 o‘quv yilidan boshlab Qoraqolpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlarda 4 tadan jami respublika bo‘ylab 56 ta maktablarda harbiy-vatanparvarlik sinflari tashkil etilib, Milliy gvardiyaga biriktirilgan.

Ushbu sinflarda o‘qish muddati besh yil bo‘lib, 6 sinfni bitirgan o‘quvchilar qabul qilinadi va 7-11 sinflarda tahsil olishadi.

Undan tashqari, Milliy gvardiya Harbiy musiqa akademik litseyi faoliyat yuritadi. Unga umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 4-sinfini bitirgan o‘quvchilar qabul qilinadi.

Nomzodning bilim saviyasi, kasbiy (ijodiy) va intellektual qobiliyati, dunyoqarashi va psixologik jihatlarini aniqlash tanlab olishning asosiy maqsadi hisoblanadi.

Akademik litseyga nomzodlarni tanlab olish va o‘qishga qabul qilish teng huquqlilik va odillik tamoyillari asosida amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 28-iyundagi “O‘smirlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari va davlat xizmati uchun kadrlar zaxirasini tayyorlash tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq,  O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiyasi tarkibida prinsipial yangi “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseylari tashkil etildi.

“Temurbeklar maktabi”da o‘qish davomiyligi ikki yil bo‘lib, har biriga yillik qabul kvotasi 150 kishini tashkil etadi.

“Temurbeklar maktabi” bitiruvchilariga O‘zbekiston Respublikasi oliy harbiy va ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda Davlat test markazi tomonidan o‘tkaziladigan test sinovlarida o‘zlari to‘plagan ballarning

30 foizi miqdoridagi, respublikaning boshqa davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda esa o‘zlari to‘plagan ballarning 15 foizi miqdoridagi qo‘shimcha ballar ko‘rinishida imtiyoz beriladi.

Yo’nalishdagi Oliy ta’limga to’xtalsak, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 15-apreldagi  “Jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida professional kadrlarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Milliy gvardiya Harbiy-texnik instituti O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti etib qayta tashkil etildi. Shu munosabat bilan Universitetda bir qator bakalavriat yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha o‘qitish joriy qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetining  bakalavriati kunduzgi va sirtqi ta’lim shakllariga hamda magistratura mutaxassisliklarining kunduzgi ta’lim shakliga nomzodlarni saralab olish va o‘qishga qabul qilish amalga oshiriladi.

Milliy gvardiya ta’lim tizimida tehsil olayotgan o’quvchi va talabalar o’qish jarayonida harbiy mashg’ulotlar bilan uzluksiz shug’ullanishi, harbiy texnika bazalari haqida zaruriy bilimlarni egallashi bilan boshqa ta’lim muassasalaridan farq qiladi. Ushbu maktab, litsey va universitetni tugatgan yoshlar har jihatdan yetuk, jasur va mard bo’lib ulg’ayadi.