Jinoyat

Namangan viloyati hokimi oʻrinbosari 7,5 yilga qamaldi

Namangan viloyati hokimi oʻrinbosari 7,5 yilga qamaldi

Namangan viloyati hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xoʻjalik masalalari boʻyicha oʻrinbosari lavozimlarida ishlagan Saidahmad Sultonov 7,5 yilga qamaldi.

Kun.uz’ning xabar berishicha, Saidahmad Sultonov tender savdolari oʻtkazilmagan va loyiha-smeta hujjatlari rasmiylashtirilmagan holda viloyat hududidagi bir nechta ichki yoʻllarni qurish ishlarini ogʻzaki koʻrsatmalar bilan “Namangan qurilish dizayn savdo” MCHJga topshirgan.

Hokim oʻrinbosari bunda MCHJ rahbari va boshqalar bilan oldindan til biriktirib, byudjet mablagʻlarini oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilinishiga sababchi boʻlgan.

Xususan, bajarilmagan ishlarni qoʻshib yozish orqali mazkur jinoiy sheriklar tomonidan 4 ta holatda qariyb 15,5 mlrd soʻm miqdordagi byudjet mablagʻlari, oʻzlashtirish yoʻli bilan, talon-toroj qilingan.

Saidahmad Sultonov ushbu 4 ta holatda yoʻl qurilish obyektlarini hech qanday tegishli hujjatlarsiz “Namangan qurilish dizayn savdo” MCHJga topshirib, oʻz vaqtida moliyalashtirilishiga yordam bergan.

U buning uchun MCHJ rahbaridan 3 yil davomida ulush olib turgan (2021-yil dekabr oyida 10 ming dollar, 2022-yil noyabr oyida 20 ming dollar, 2023-yil mart oyida 20 ming dollar).

Kun.uz nashrining yozishicha, Saidahmad Sultonov oʻziga Namangan viloyati hokimligi balansidagi Captiva mashinasi biriktirilgan boʻlsa-da, 2020-yil iyul oyidan 2023-yil dekabr oyiga qadar Namangan viloyat qurilish va uy-joy kommunal boshqarmasi balansidagi Hyundai Tucson mashinasidan xizmat va shaxsiy maqsadlarda ham foydalanib kelgan. Bu davrda oraligʻida esa u 13 359 litr benzin sarflab, davlat va jamiyat manfaatlariga 128 mln soʻmdan ortiq zarar yetkazgan.

Bundan tashqari, Saidahmad Sultonov tadbirkorlardan “Navbahor” futbol klubiga homiylik uchun pul olib, oʻz shaxsiy manfaatlariga ishlatib yuborgan. Yaʼni, Sultonov 2023-yil avgust oyida goʻyoki “Navbahor” futbol klubiga homiylik qilish maqsadida “Stroy melio montaj” va “Nasos taʼmir” MCHJ rahbarlarining har biridan 15 ming dollardan jami 30 ming dollar olib berish yuzasidan “Suv taʼminoti va oqova suv obyektlari qurilishi boʻyicha injiniring kompaniyasi” UK Namangan viloyat hududiy boshqarmasi boshligʻiga topshiriq bergan. Oʻrinbosar yakunda toʻplangan pulni olib, futbol klubiga bermagan va shaxsiy ishlariga sarflab yuborgan.

Sultonov 2018-yil 26-noyabr kunidan 2020 yil 20-oktyabr kuniga qadar Namangan viloyat qurilish bosh boshqarmasi boshligʻi lavozimida faoliyat yuritib, juda koʻp miqdordagi byudjet mablagʻlarini rastrata qilish yoʻli bilan talon-toroj qilgani ham aniqlangan.

Yuqoridagilarning barchasi asoslangandan soʻng Sultonov sud hukmi bilan JKning 167-moddasi 3-qismining “a” bandi (juda koʻp miqdorda oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish), 168-moddasi 4-qismining “a” bandi (juda koʻp miqdorda firibgarlik), 205-moddasi 2-qismining “a” bandida (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiisteʼmol qilish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan va u 3 yil muddatga davlat ishtirokidagi tashkilotlarda, shu jumladan, hokimlik tizimida mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilingan.

Shu bilan birga, sud unga 7 yil-u 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlagan.