2024-yil 10-sentyabr kunidan O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan tashkil etiladigan “Umra – 2024”ning navbatdagi mavsumi boshlanadi. O‘zbekistonliklar «Uzbekistan Airways» AJ aviakompaniyasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarda Saudiya Arabistoniga olib boriladi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish markazi xabar qildi
Ziyoratchilar Madina shahrida 3 kun, Makka shahrida esa 7 kun bo‘ladi. Mavsum davomida tajribali ishchi guruhi va imom-xatiblardan iborat ellikboshilar hamda malakali shifokorlar o‘zbekistonliklarga hamroh bo‘ladi.
O‘zbekistonlik ziyoratchilar Madina shahrida “Grand Shahba”, Makka shahrida esa “Marmara Group Hotel” mehmonxonalarida istiqomat qiladilar. Mehmonxonalar 3-4 o‘rinli bo‘lib, 3 mahal taomlar, shirinlik va sarxil mevalar tortiq qilinadi.
Mazkur shaharlarda muborak qadamjolarga ziyorat tashkil etilishi ma’lum qilindi. Mehmonxonalarda tibbiyot punktlari, transport xizmati va ishchi guruhlari shtablari 24 soat davomida faoliyat yuritadi.
Eslatib o‘tamiz, “Umra” safariga fuqarolar xususiy sayyohlik agentliklari orqali yoki mustaqil ravishda borishlari ham mumkin.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!