Yangiliklar

Latviyada ayollar uchun majburiy harbiy xizmat joriy etilishi mumkin

Latviyada ayollar uchun majburiy harbiy xizmat joriy etilishi mumkin

Latviya 2028 yilda ayollarni majburiy harbiy xizmatga chaqirishni boshlashi mumkin. Bu haqda Boltiqbo‘yi respublikasi Mudofaa vaziri Andris Spruds ma’lum qildi.

Sprudsga ko‘ra, 2028 yilga kelib hukumat harbiy xizmatga chaqiriluvchilar sonini yiliga 4 ming nafarga yetkazmoqchi. Shu vaqtgacha hukumat bir qator tayyorgarlik ishlarini amalga oshirishi va mazkur masala bo‘yicha siyosiy muhokama bo‘lishi zarur. Shunda harbiy xizmatga kiradigan ayollar uchun zarur kiyim-kechak, jihozlar, ularning zaxirasini yaratish kerak bo‘ladi. Latviya Milliy Qurolli Kuchlariga tegishli buyruqlar ham allaqachon berilgan.

Ma’lumot uchun, avvalroq Latviya Tashqi ishlar vaziri Bayba Braze ham ayollarni majburiy harbiy xizmatga chaqirish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlagan. Uning ta’kidlashicha, “majburiy” so‘zi salbiy eshitilsa-da, ayollarning nafaqat imkoniyatlari, balki mas’uliyati ham bor. Uning hisob-kitobiga ko‘ra, ayollar uchun majburiy harbiy xizmat “hammaga foyda keltiradi”.