Madaniyat vaziri “Maqom”, “Baxshichilik”, “Sharq taronalari” kabi festivallarning ahamiyatiga toʻxtalib, inson madaniyatiga tahdid bostirib kelayotganini aytdi. “Bu muammoga qarshi kurashish bitta koʻchani asfalt qilgandan muhimroq. Festivallar inson kelajagini asrab qolishda muhim”, — degan Ozodbek Nazarbekov.Bu haqda Gazeta.uz nashri xabar berdi.
Jurnalistlarning “Sharq taronalari” va shu kabi festivallarni oʻtkazishdan qanday maqsad borligi haqidagi savoliga javob bergan vazir milliy madaniyatlarga tahdidlar mavjudligini aytib, qadriyatlarni asrab qolish uchun festivallar oʻtkazish muhimligini qayd etdi.
“Har qanday milliy madaniyatlarga qattiq tahdid bor. Aynan bugungi ilmiy-amaliy konferensiya mavzusi ham shunga qaratilgan, yaʼni bugungi kunda millatlarning oʻzini yoʻqotishi — bu inson madaniyatining oxir-oqibat yoʻq boʻlishiga [sababchi boʻladi], ehtimol, globallashuv yoʻriqnomalarida aynan shu narsalar maqsad qilingandir, biz buni ham bilmaymiz. Shuning uchun oʻta hushyor turishimiz kerak, xalqaro maydondagi beqarorliklar va boshqaruv imkoniyatlari qanaqadir qora kuchlarda ekani bugun koʻrinib turibdi, buni butun dunyo koʻryapti. Biz mana shunday davrda oʻzimizning qadriyatlarimiz, madaniyatimizni mahkam tutgan va butun dunyoni shu pozitsiyaga chorlagan holda bunday illatlar yoki tahdidlarga qarshi tura olamiz”, – dedi u.
“Sizlar koʻp savol berasizlar bizga: „Maqom“ festivali qilyapsizlar, „Baxshichilik“, „Hunarmandlar“ festivallari qilyapsizlar, bular kerakmi, kerakmasmi, undan koʻra asfalt qilgan yaxshimasmi, degan millionta har xil fikrlar bildiriladi. Lekin hozir bu muammoga (qarshi kurashish), kechirasizlar-u, bitta koʻchani asfalt qilgandan koʻra muhimroq. Chunki inson madaniyatiga tahdid bostirib kelyapti, shuning uchun bunaqa festivallarga 3−5 mlrd soʻm ishlatish, menimcha, inson kelajagini asrab qolishda juda muhim. Madaniyat vaziri sifatida (bunday festivallar) asfaltdan ham muhimroq, boshqa narsalardan ham oʻta muhim boʻlgan masala, deb oʻylayman”, — deya qoʻshimcha qildi vazir.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!